Toshkent viloyatida poyezd temiryo‘lga tiqilib qolgan Damas avtomobilini urib yubordi, deya xabar bermoqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, voqea 15-dekabr kuni Dalaguzar — Nazarbek temiryo‘li kesishmasida sodir bo‘lgan. Yengil mashina haydovchisi taqiqlovchi belgilarga e’tibor bermagan va temiryo‘lni kesib o‘tishga harakat qilgan. Oqibatda avtomobil tiqilib qolgan.

Damas egasi boshqa haydovchilar bilan birgalikda mashinani bo‘shatishga harakat qilgan, ammo bu ish bermagan. Buni tarmoqlarda tarqalgan videolardan ham ko‘rish mumkin.

Yuk poyezdining mashinisti yo‘llarda tiqilib qolgan mashinani ko‘rib, shoshilinch tormozlashni faollashtirgan. Biroq poyezdning 800 metrdan 1000 metrgacha bo‘lgan tormoz masofasi hisobiga to‘qnashuvni oldini olishning iloji bo‘lmagan.

Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan, deyiladi xabarda.

Kompaniya yomon ob-havo sharoitida yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish muhimligini eslatdi va haydovchilarga temiryo‘l kesishmalaridan o‘tayotganda ehtiyot bo‘lishlarini iltimos qildi.