Xorijiy davlatlarga ishga joylashtirishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.
Fuqaro A.N. fuqaro S.X.ning ishonchiga kirib, yuqori martabali tanishlari yordamida AQShga ishlashga jo‘natishini va’da qilib, undan 21 ming dollar talab qilgan. Bosh prokuratura departamentining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida u so‘ralgan summadan 9 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shu kabi, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida fuqaro M.I. tanishi Yo.Sh.ni Polshada ishga joylashtirish uchun so‘ragan 1000 dollar va 6,3 mln so‘mni olayotganda ushlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.