Toshkent shahrida 27-dekabrga o‘tar kechasi uchta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Birinchi avariya soat 00:40 da Uchtepa tumani TXAY ko‘chasida yuz bergan. 25 yoshli haydovchi Tracker avtomobilini katta tezlikda haydab, rul boshqaruvini yo‘qotgan va beton simyog‘ochga to‘qnashgan. Haydovchi birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga olib ketilgan.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmatiFoto: Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati

Navbatdagi holatda Olmazor tumanida to‘rtta mashina ishtirokida YTH sodir bo‘lgan. Malibu-2, Cobalt, BMW va Matiz avtomashinalari o‘zaro to‘qnashgan. BMW yo‘lovchisiga tez yordam xodimlari tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Holat yuzasidan tekshiruv ishlari o‘tkazilmoqda.

Uchinchi yo‘l-transport hodisasi poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida soat 01:10 da sodir bo‘lgan. Oltintepa ko‘chasida Nexia-3 mashinasida harakatlanib ketayotgan 20 yoshli haydovchi Captiva bilan to‘qnashib, YTH sodir etgan. Nexia haydovchisi shifoxonoga olib ketilgan, deyiladi xabarda.

Foto: Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmatiFoto: Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati

YHXB ushbu avariyalar yuzasidan barcha yo‘l harakati qatnashchilariga murojaat qilib, qoidalarga qat’iy rioya qilishni va tezlikni belgilangan me’yordan oshirmaslikni so‘radi.