Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rasmiy vakili Margaret Harris ommaviy axborot vositalarining bu mavzuga qiziqishi yuqoriligi sababli odam metapnevmovirusiga oid JSSTda mavjud ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
Xitoyning Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) 2-yanvardagi hisobotida mamlakatda keng tarqalgan respirator infeksiyalar sonining mavsumiy o‘sishi kuzatilganini ma’lum qilgandi.
CDC ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu infeksiyalarni qo‘zg‘atuvchi patogenlar ma’lum. Bularga mavsumiy gripp virusi — RSV (respirator-sinsitial virus), hMPV — odam metapnevmovirusi va SARS-CoV-2 — COVID-19 ni keltirib chiqaradigan virus kiradi.
Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda mavsumiy gripp eng keng tarqalgan va o‘sishda davom etmoqda. JSST vakilining ta’kidlashicha, 2024-yil dekabr oyi oxirida ambulatoriya sharoitida va kuzatuv punktlaridagi shoshilinch yordam bo‘limlarida grippga o‘xshash alomatlari bo‘lgan odamlar orasida gripp testlarining ijobiy natijalari darajasi 30% dan ortiqni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Margaret Harris Xitoyda qayd etilgan respirator infeksiyalar darajasi qish mavsumi uchun odatiy diapazonda ekanini ta’kidladi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, shifoxonalarning kasallar bilan to‘lganlik darajasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan past. Favqulodda vaziyat haqida biror-bir e’lon yoki javob choralari haqida ma’lumot kelib tushmagan.
JSSTning gripp epidemiologik nazorati va javob choralari bo‘yicha global tizimi hozirgi vaqtda qish davri kuzatilayotgan Shimoliy yarimsharda, shuningdek, Osiyoning ba’zi qismlarida, Yevropada, Afrikada va Karib havzasidagi bir necha davlatlarda gripp bilan kasallanishning o‘sish tendensiyasini qayd etdi.
JSST bu yangi virus emasligini ta’kidladi. U birinchi marta 2001-yilda aniqlangan, qishda va bahorda aylanib yuradigan keng tarqalgan viruslar qatoriga kiradi. Odatda, u shamollashga o‘xshash respirator alomatlarni keltirib chiqaradi. Ba’zi hollarda bu bronxit yoki pnevmoniya kabi og‘irroq kasalliklarga olib kelishi mumkin. Yosh va keksalar, shuningdek, immuniteti zaiflashganlar bunda eng ko‘p xavf ostidagi guruh sanaladi.
“Qish mavsumi kuzatilayotgan mamlakatlarda bo‘lganlarga maslahatimiz: birinchi navbatda, kasal bo‘lmaslik uchun harakat qiling. Oddiy choralar virus tarqalishining oldini olishi mumkin. Ularga quyidagilar kiradi: kasallik chog‘ida uyda bo‘lish, odamlar ko‘p bo‘lgan yoki shamollatish tizimi qoniqarsiz bo‘lgan xonalarda niqob taqish, imkon bo‘lgan joyda ventilyatsiyani yaxshilash (masalan, havo kirishi va chiqishi uchun derazani ochish), yo‘tal va aksirish paytida og‘izni salfetka yoki bukilgan tirsak bilan yopish, muntazam ravishda qo‘llarni yuvish va shifokoringiz tavsiya qilgan emlash”, — dedi Margaret Harris.
Yuqori xavf guruhiga kiruvchi shaxslar, masalan, keksalar yoki immunitet zaiflashgan shaxslar, ahvolining yomonlashishi belgilari paydo bo‘lganda tibbiy yordamga murojaat qilishlari kerak, deya qo‘shimcha qildi u o‘z xulosasida.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham xuddi shunday tushuntirish bilan chiqqandi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda bolalar shifoxonasining bolalar va ota-onalar bilan to‘lib-toshganini ko‘rsatuvchi video paydo bo‘lgani sababli SSV Respublika pediatriya markazida metapnevmovirus bilan kasallangan bolalar ko‘pligini rad etishga majbur bo‘ldi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bemorlarning to‘planib qolishi bayram oldidan markazning beshta bo‘limi sanitariya va dezinfeksiya ishlari uchun yopilgani bilan bog‘liq.