Navoiy shahrida yo‘l-patrul xizmati inspektori xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”ga Respublika Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, holat 19-yanvar kuni soat 01:45 da shaharning Islom Karimov ko‘chasida sodir bo‘lgan. Viloyat YHXB inspektori Jasurjon Muhammadov xizmat paytida davlat raqamisiz, yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasiga to‘xtash ishorasini ko‘rsatgan.
Biroq haydovchi to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, yo‘l harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. So‘ngra voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor esa hodisa joyida halok bo‘lgan.
Tezkor surishtiruv harakatlarida Kia Sonet’ni 2008-yilda tug‘ilgan S.M. boshqargani, mashina uning otasiga tegishli bo‘lgani aniqlangan. Avtomobil yashirib qo‘yilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan.
Inspektor Jasurjon Muhammadov 1993-yilda tug‘ilgan, 2 farzandning otasi bo‘lgan. U ichki ishlar organlari tizimida 2017-yildan buyon ishlab kelgan.
Hozirda holat bo‘yicha Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Navoiy viloyati IIB YHXB.
Jasurjon Muhammadov.
“Haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan, yo‘l harakati qoidalarini bilmaydigan Navoiy shahridagi 8-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi yo‘lda boshqa fuqaroni urib yuborishi ham mumkin edi. Afsuski, vatan oldidagi burchiga sadoqat ko‘rsatib xizmat qilayotgan YPX inspektori to‘xtash ishorasini bergan vaqtida qoidabuzarlik qurboni bo‘ldi”, — dedi YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshov.
U keyingi vaqtlarda kattalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarga mashina boshqaruvini berish holatlari ko‘p uchrayotganini ta’kidladi. YHXX vakili ota-onalardan farzandlarining, qolaversa, boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligi uchun bunday xatoni qilmasliklarini so‘radi.