Xorazm viloyatining Transport boshqarmasi bosh mutaxassisi fuqarodan 80 ming dollar pora olayotganida ushlandi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizligi xizmati.
Qayd etilishicha, mansbador tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqaroga Urganch shahrida aholiga transport xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan MCHJga qarashli 960 metr kvadrat bo‘sh yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali uning nomiga o‘tkazib berishini aytgan.
Boshqarma mutaxassisi aslida boshqa bir shaxsga tegishli bo‘lgan joyda ko‘p qavatli turar joy qurishi uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 135 ming dollari talab qilgan. Shundan 80 ming dollarni oldindan olgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani bo‘limi bosh mutaxassisi “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida pudratchi korxonaning reyting ballarini ko‘tarib berishni aytgan. Shuningdek, tenderga taqdim qilish maqsadida haqiqatda mavjud bo‘lmagan qurilish texnikalarining texnik pasporti va yorliqlarini tayyorlab berish evaziga 8700 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi (Xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.