O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari yanvar oyida Rossiya fuqarolaridan pul undirish bilan shug‘ullangan yirik firibgarlar tarmog‘ini fosh etdi. Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lumotiga ko‘ra, ular uchta koll-markaz orqali faoliyat yuritgan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining “Axborot 24” dasturida reportaj namoyish etildi.

Ma’lum qilinishicha, farg‘onalik shaxs (1986-yilda tug‘ilgan) o‘z rahbarligida Rossiya fuqarolaridan noqonuniy pul o‘zlashtirish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy tuzilma tuzgan.

Jinoiy tuzilma 32 kishidan iborat bo‘lgan, ular Farg‘onada ikkita va Toshkentda bitta koll-markaz ko‘rinishida faoliyat yuritgan.

Internetda biologik faol qo‘shimchalar sotib olgan Rossiya fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan holda, bunday koll-markaz “operatorlari” o‘zlarini tergov organlari xodimlari sifatida tanishtirgan va BAD sotuvchilari tomonidan yetkazilgan taxminiy ma’naviy zararni qoplash uchun to‘lov taklif qilgan.

Ularning ba’zilari Rossiya Moliya vazirligi vakillari nomidan ish olib borgan va daromad solig‘ini to‘laganidan keyin pul kompensatsiyasini va’da qilgan. Mablag‘ni o‘tkazish uchun esa ular o‘zlari aytgan bank kartasi rekvizitlariga zarur miqdorda to‘lov yuborishni talab qilgan va, aks holda, mablag‘ni qaytarib olish imkonsiz ekanini aytgan.

32 kishining barchasi hibsga olingan. Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (Bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan firibgarlik) va 278−2-moddasi (Kompyuter axborotidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deya qo‘shimcha qildi DXX.