Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ikki holatda umumiy bahosi qariyb 1,9 mlrd so‘m bo‘lgan qalbaki dori vositalarining muomalaga kiritilishi oldi olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Tezkor tadbirlar davomida, 2004-yilda tug‘ilgan shaxs Shikorbegi mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonda qo‘lbola usulda tayyorlangan 2005 dona ampulada “Midokalm” va 750 dona ampulada “L-Lizin Essinat” dori vositalarini Lacetti avtomashinasiga yuklayotgan paytda qo‘lga olindi. Honani ko‘zdan kechirish chog‘ida yana quyidagi qalbaki dori vositalari aniqlandi:

  • 1177 dona “Aktovegin”;
  • 165 dona “Tavegil”;
  • 30 dona “L-Lizin Essinat”;
  • 2700 dona ampulada nomsiz dori vositalari;
  • qadoqlash uchun qog‘oz quti va yo‘riqnomalar.

Mazkur shaxs jinoiy sherigi, 1980-yilda tug‘ilgan shaxs bilan birgalikda yashirin sex tashkil qilgani ma’lum bo‘ldi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu dorilar qalbaki bo‘lib, tibbiyot amaliyotida qo‘llash va sotish taqiqlanadi. Ularning umumiy qiymati 78 million so‘mni tashkil etadi.

Qo‘qonda kuzatilgan yana bir holatda, 1983-yilda tug‘ilgan shaxs sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan 800 dona “Dyufaston” dori vositasini 800 ming so‘mga sotayotgan paytda qo‘lga olindi. Uning yashash xonadonida qo‘shimcha ravishda quyidagi dorilar aniqlandi:

  • 405 010 dona sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dori vositalari;
  • 5000 dona yo‘riqnoma;
  • 1200 dona qadoqlash qutisi.

Dori vositalari umumiy qiymati taxminan 1,8 milliard so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy aloqalari bo‘lgan shaxslar xonadonida “Midokalm” uchun 900 dona yorliqlar, “Diprosan” va “Tavegil” uchun etiketka va yo‘riqnomalar aniqlandi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Tergovga qadar surishtiruv ishlari davom etmoqda.