Namangan viloyati Uychi tumanida mast holda mashina boshqarib uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yigitga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda MY5 telekanalida xabar berildi.
Qayd etilishicha, 19 yoshli yigit 2024-yil 29-oktabr kuni do‘stlari bilan tungi klubda spirtli ichimlik iste’mol qilgan. So‘ngra o‘ziga tegishli bo‘lmagan Captiva`ni haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa-da soatiga 100 km tezlikda boshqargan.
Uchqo‘rg‘on-Uychi-Namangan yo‘lida u Cobalt bilan to‘qnashgan. Oqibatda Cobalt ichida bo‘lgan uch nafar shaxs voqea joyida vafot etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida yigit Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan aybdor deb topildi.
Sud unga 6 yilga ozodliqdan mahrum qilish jazosi tayinladi. Ayblanuvchi jazoni manzil-koloniyada o‘taydi va 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etiladi.
Jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar ham undirish belgilandi.