Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona postida yuk avtomobilidagi supurgilar dastagiga 612 kg “gashish” giyohvandlik vositasi yashirilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi.

9-fevral kuni Bojxona qo‘mitasi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari xodimlari post orqali O‘zbekiston hududidan tranzit tarzida o‘tish uchun kirib kelgan yuk mashinasini belgilangan texnologik sxema asosida bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazgan.

Jarayonida mazkur avtotransport vositasiga ortilgan 13,5 tonna og‘irlikdagi supurgi xodimlarning diqqatini tortgan. Shundan so‘ng mashina postga tutash hududdagi “Termiz” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tasarrufidagi bojxona omboriga keltirilgan va undagi tovarlar to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida yuk mashinasiga 180 ta qopda supurgi jo‘xorisi o‘simligidan tayyorlangan 22 ming 500 dona xo‘jalik supurgisi ortilgan. Ular sinchiklab ko‘zdan kechirilganda 2986 dona supurgining dastagi orasiga supurgi rangiga mos — sariq rangdagi skotch bilan o‘ralgan o‘rtacha 25 sm uzunlikdagi polietilen o‘ramlar topilgan.

Mazkur o‘ramlarning ichida o‘rtacha 200 gr og‘irlikdagi, o‘tkir hidli, to‘q jigarrangli giyohvandlik vositasi bo‘lgan. Dastlabki tezkor analiz natijalariga ko‘ra, u “gashish” giyohvandlik vositasi bo‘lib, umumiy og‘irligi 612 kilogrammni tashkil qilmoqda.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositasining qora bozorlardagi narxi taxminan 16,5 mln dollardan oshadi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.