Farg‘onaning bir qancha tuman shaharlarida Qirg‘izistondan olib kelingan giyohvand moddalar aylanmasiga chek qo‘yildi, deb xabar berdi Telegram`dagi “Xavfsizlik” kanali.

Jumladan, Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 2003-yilda tug‘ilgan fuqaroning yoni hamda yashash xonadonidan jami 2 kilo 992 gramm gashish moddasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs Tojikistondan olib kelingan moddani Farg‘ona viloyatida yashovchi mijozlarga sotishni rejalashtirgan.

Boshqa holatda esa Qo‘shtepa tumanida vaqtincha yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan Tojikiston Respublikasi fuqarosi Marg‘ilon shahrida istiqomat qiluvchi 3 nafar muqaddam sudlangan sheriklari bilan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga borib, yo‘lning qatnov qismi chetiga tojikistonlik narkosavdogarlar yashirib ketgan 1 kilogramm 977 gramm gashish moddasini olib, ortga qaytayotgan vaqtlarida Namangan viloyatining Pop tumanida qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, ular ushbu zahri qotilni Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlari hamda Oltiariq tumanida yashovchi xaridorlarga sotishni rejalashtirishgan.

Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi, 2003-yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs va uning 2004-yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i ushlanib, ulardan 1 kilo 924 gramm gashish moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Aniqlanishicha, ushbu modda ham Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.

Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda 1988-yilda tug‘ilgan muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxsga tegishli Kombi rusumli avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Qirg‘izistondan keltirilgan 966 gramm gashish hamda 976 gramm opiy moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.