O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti lavozimiga Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov nomzodi ilgari surildi, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, assotsiatsiyaning sobiq prezidenti Abdusalom Azizov noyabr oyida DXX raisi lavozimidan ozod etilib, prezidentning yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari bo‘lgach, futbol tashkiloti rahbarligidan ham ketgandi. Uning o‘rniga Ravshan Ermatov O‘FA rahbari vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

O‘FA ustaviga muvofiq, 22-fevral kuni tashkilot prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan 20-yanvar kuni a’zolarga ushbu lavozimga nomzodlar bo‘yicha taklif yuborishni so‘rab murojaat qilingan. O‘FA elektron pochtasiga kelib tushgan nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kongressdan 30 kun oldin O‘FA kotibiyatiga taqdim etildi.

Unga ko‘ra, O‘FA a’zolari prezident lavozimiga DXXning amaldagi raisi Bahodir Qurbonov nomzodini ilgari surgan.

Ta’kidlanishicha, O‘FA a’zolari navbatdan tashqari saylov kongressining o‘tkazilish joyi va kun tartibi to‘g‘risida kamida 10 kun oldin xabardor qilinishi lozim. Shu sababli 12-fevral kuni barcha a’zolarga ushbu ma’lumotlar yetkazilgan.