Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan shahridagi avtomobillarni vaqtincha saqlash maydonchasida ko‘plab qora Gentra’lar to‘planib turgani aks etgan videolavha paydo bo‘ldi. Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bunga yo‘l-transport hodisasi sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Xabar qilinishicha, 11-fevral soat 06:40 larda noma’lum shaxs Gentra mashinasida shaharning Amir Temur ko‘chasida yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani (1958 y.t.) urib yuborgan. Kuzatuv kamerasidagi yozuvdan ko‘rinadiki, u to‘qnashuvdan so‘ng avval to‘xtagan, so‘ng hodisa joyidan yashiringan.
YHXB piyoda voqea joyida vafot etganini bildirdi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan xavf ostida qoldirish) va 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Xabarda noma’lum haydovchini topish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tezkor qidiruv ishlari yuzasidan qora rangli Gentra’lar mutaxassislar tomonidan tekshirilib, tekshiruv yakunlangandan so‘ng ruxsat berilayotganiga aniqlik kiritildi.
“Shu sababli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan odam o‘limiga sababchi bo‘lib, javobgarlikdan qutilmoqchi bo‘lgan haydovchini topish maqsadida o‘tkazilayotgan tezkor qidiruv ishlarini va bu boradagi ichki ishlar organlari xodimlarining sa’y-harakatlarini noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini so‘raymiz”, — qo‘shimcha qildi YHXB.