Toshkent shahrida 17 nafar fuqaro DXX va IIV xodimlari tomonidan noqonuniy diniy tashkilot tuzishda gumonlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, ular orasida 1976−2001-yillar oralig‘ida tug‘ilgan bojxona idoralarining 3 nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori o‘rinbosari, xususiy avtomaktab direktori o‘rinbosari, “Sergeli-avto” bozorida savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va boshqalar bo‘lgan. Ular turli xil diniy adabiyotlardan foydalangan holda noqonuniy jamoat ko‘rinishidagi yig‘inlarni tashkil etishgan.

“Bojxona qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari dinga mutaassiblarcha berilib, 2021-yildan boshlab mazkur norasmiy diniy darslarni muntazam ravishda tashkil etib kelgan. U har bir dars uchun jamoat a’zolaridan ma’lum miqdorda pul yig‘ib, ustozlarga bergan”, — deyiladi xabarda.

Guruh a’zolari 1989-yilda tug‘ilgan va hozirda Misrda bo‘lgan shaxsdan Telegram orqali onlayn tarzda saboq olishgan.

Shuningdek, ularga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi ham offlayn tarzda diniy ma’ruzalar o‘tgan.

Hozirda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona organlari tezkor xodimi va katta inspektori, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi hamda jamoat a’zolariga Misr davlatidan turib, onlayn tarzda diniy saboq bergan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

Qolgan fuqarolar jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan.