11-fevral kuni tongda Samarqand viloyati Jomboy tumanida avtobus ag‘darilib ketishi oqibatida 22 nafar ayol jarohatlandi. Bu haqda tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokoriga tayanib, Milliy telekanali xabar berdi.

Bir kun avval viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi “Gazeta.uz” hodisada bir yo‘lovchi — 68 yoshli erkak halok bo‘lganini ma’lum qildi, biroq u qaysi transportda bo‘lganiga aniqlik kiritmadi.

Jurnalist yo‘lovchilar soni va qurbonlar borligi haqidagi ma’lumotga aniqlik kiritmoqchi bo‘lganida, boshqarma matbuot kotibi qo‘ng‘iroqni uzib qo‘ydi.

“Gazeta.uz” izoh so‘ragan Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda avtobusning yon, orqa va old oynalari singani, qurbonlar bo‘lgani aytilgan.

Bosh shifokor Tozagul Xoliqovaning Milliy telekanaliga ma’lum qilishicha, shifoxonaga 23 nafar ayol yotqizilgan, ulardan biri voqea joyidayoq halok bo‘lgan.

Ayollarning jarohatlari og‘ir: 16 nafar yo‘lovchi jarrohlik bo‘limiga, 2 nafar ayol reanimatsiyaga yotqizildi. “Ularning ahvoli og‘irroq, reanimatsiyada davolanyapti”, — dedi shifokor.

Turistik avtobus Samarqanddan Toshkentga ketayotgan bo‘lgan. Xabar qilinishicha, avtobus haydovchisi masofa va tezlikni noto‘g‘ri baholagan hamda tormozni keskin bosib, Cobalt bilan to‘qnashgan.