Toshkent shahrida 2024-yilda 1280 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etildi. Bu haqda Xalq deputatlari poytaxt kengashi tomonidan 10-fevral kuni imzolangan qarorda so‘z boradi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilda sodir bo‘lgan avariyalar ortidan 1189 kishi jarohatlangan, 91 kishi vafot etgan. YTHlarning 720 tasi piyodalar bilan, 98 tasi esa tezlik bilan bog‘liq.

Hujjatda ta’kidlanishicha, ushbu statistika, o‘z navbatida, mazkur muammoli masalaga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Shu bois kengash deputatlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi oldiga 2025-yilda poytaxt ko‘chalarida harakat xavfsizligini ta’minlash uchun bir qator vazifalarni qo‘ygan.

Unga ko‘ra, YHXB:

  • yo‘l-transport infratuzilmasi talabiga javob bermaydigan ko‘chalar va chorrahalar ro‘yxatini shakllantirib, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarga taklif kiritishi;
  • shahar ko‘chalarida transport va piyodalar oqimi, piyodalar bilan bog‘liq sodir etilgan YTHlarni puxta tahlil etish, avariyaning o‘choq nuqtalarini aniqlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha choralarni ko‘rishi kerak.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi YHXB bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxona va maydonchalarini tashkil etish bo‘yicha Toshkent shahrida jami 87 ta maktab uchun va 120 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarida talab etiladigan ehtiyojni o‘rganib chiqadi.

Qarorda Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Toshkent shahar budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 10 ta ko‘chma fotoradar qurilmasini xarid qilish bo‘yicha ishlab chiqishi kerakligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi YTHlarni oldini olish maqsadida 2025-yil davomida poytaxt ko‘cha va yo‘llaridagi 12 ta joyga qavariq piyodalar o‘tish joylarini tashkil qilish belgilanmoqda.

Kengash deputatlari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va Toshkent shahrida qo‘llash maqsadida Varshava, Kopengagen, Amsterdam kabi shaharlarga tashrif uyushtirish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishni tavsiya qilgan.