Toshkent shahri Yunusobod tumanida 11-fevral kuni maktab o‘quvchisi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deb xabar berdi shahar YHXB matbuot xizmati.

Soat 12:20 larda 260-sonli umumta’lim maktabi qarshisida haydovchi B.Z. (1993 y.t.) Nexia-3 mashinasida voyaga yetmagan piyoda S.S.ni (2015 y.t.) urib yuborgan.

YTH oqibatida o‘quvchi jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Holat haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar bergan Telegram’dagi “Yunusobodliklar 24” kanalining yozishicha, 3-sinf o‘quvchisining oyog‘i singan. Muallif bu 260-maktab yaqinidagi birinchi YTH emasligini, o‘tgan yili ham mashina ikki o‘quvchi qizni urib ketganini bildirdi va mas’ullardan vaziyatni nazorat ostiga olishni so‘radi.

“Maktab va bog‘cha hududida 100 metrlik masofada kameralar o‘rnating va kirishni cheklang”, — taklif qildi kanal ma’muriyati.