Toshkent markazidagi Amir Temur ko‘chasida yana bir bor 10 (!) polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida piyoda urib ketildi. Shahar hokimiyati va YHXB ko‘chalarda va yo‘llarda xavfsizlikni oshirish borasida harakatsizlikni davom ettirmoqda hamda bunday hodisalar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni istamayapti.

Hodisa 15-fevral kuni taxminan soat 20:15 da Kichik halqa yo‘li o‘tgan ko‘prik yonidagi o‘tish joyida sodir bo‘ldi. Tezlikni oshirgan 19 yoshli haydovchi boshqarayotgan Spark ayol kishini urib yubordi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarga ko‘ra, bu hodisa avtomobillar piyodani o‘tkazib yuborish uchun to‘xtagan paytda, Spark haydovchisi yangi chiziqni e’tiborsiz qoldirib, chetki chap qatorda harakatlanayotganda sodir bo‘lgan.

Jarohat olgan piyoda shifoxonaga yetkazildi va unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi. YHXB uning ahvoli haqida batafsil ma’lumot bermagan.

YHXB qanday munosabat bildirdi?

O‘sha kuni kechasi poytaxt YHXB video e’lon qildi, unda xodim yo‘l-transport hodisasiga “haydovchining e’tiborsizligi”, “piyodani o‘tkazib yubormagani” sabab bo‘lganini aytdi.

Boshqarma matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganovning aytishicha, haydovchi “suhbat chog‘ida” ruxsat etilgan tezlikni oshirganini tan olgan.

“Hurmatli haydovchilar, piyodalar o‘tish joyi belgisini ko‘rganingizda tezlikni kamaytirib, piyodani o‘tkazib yuborishingizni va keyin harakatni davom ettirishingizni so‘raymiz”, — dedi u.

Shu paytda YHXB xodimlarining orqasida ko‘chaning o‘rtasiga yetib kelgan piyodani mashinalar o‘tkazmayotganini ko‘rish mukin.

йтҳ, йҳхб

Bu bayonotda nimalar noto‘g‘ri?

YHXB, odatdagidek, infratuzilmadagi kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tirmay, javobgarlikni haydovchiga yukladi.

Bu qanday kamchiliklar? Birinchidan, 10 qatorli yo‘lda tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyining bo‘lishi mutlaqo noto‘g‘ri. Bu o‘tish joyida svetoforlar o‘rnatilishi kerak edi, tayyorgarlik ishlari olib borilayotgandi, ammo negadir ular o‘rnatilmadi. Yo‘l ko‘prigining narigi tomonidagi o‘tish joyida svetofor boru, bu joyda yo‘qligi hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

O‘zbekiston prezidentining 2023-yil sentabrdagi farmonida aholi punktlaridagi barcha tartibga solinmagan o‘tish joylari tugma bilan boshqariladigan svetoforlar bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgandi. So‘nggi bir necha yilda ko‘plab o‘tish joylari svetoforga ega bo‘lgan Toshkentda bu ishni oxiriga yetkazishga nima to‘sqinlik qilmoqda?

Bunday sur’atlarda mamlakat 2030-yilga borib (“O‘zbekiston-2030” strategiyasida nazarda tutilgan) jiddiy oqibatlarga olib keladigan YTHlar sonini kamida 50 foizga kamaytirishga qanday erishmoqchi?

Nima uchun YHXB va hokimiyat chorrahalar va o‘tish joylarida og‘ir YTHlar sodir bo‘lganidan keyin ham ularni qayta tashkil etish uchun hech narsa qilmayapti? Ichki ishlar vazirligi binosi yonidagi shunday o‘tish joylaridan biri haqida yaqinda yozgandik. U yerda nafaqat yo‘l belgisi paydo bo‘lmadi va qatnov qismi toraytirilmadi, aksincha — o‘tish qismi endi trotuarga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi avtoturargohga olib boradigan bo‘ldi.

Ikkinchidan, Amir Temur ko‘chasida YHXB tashabbusi bilan piyodalar o‘tish joylari oldida qatnov qismini bir qatorga toraytiruvchi yangi chiziq chizildi. Biroq bishqarma tomonidan aniq tushuntirish ishlari olib borilmadi, joylarga belgilar qo‘yilmadi, boshqa chiziqlar qayta chizilmadi (ular qiyshiq bo‘lishi kerak edi) va hech qanday jismoniy to‘siqlar o‘rnatilmadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda aynan shunday “orolchalar”da sodir bo‘lgan avtohalokatlar aks etgan videolar e’lon qilinmoqda — chiziqlar mojaroli vaziyatlarni keltirib chiqarmoqda, haydovchilarni keskin yo‘nalishni o‘zgartirishga majbur qilmoqda. Va aynan shunday chiziqda muhokamadagi piyodani urib ketish hodisasi sodir bo‘ldi.

йтҳ, йҳхб

Uchinchidan, O‘zbekiston YHXX va uning bo‘linmalari uzoq yillar davomida “hurmatli, aziz haydovchilar”ga e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lish haqidagi chaqiriqlar, varaqalar tarqatish va shaharlar bo‘ylab pachoqlangan mashinalar ortilgan “avtokarvonlar”ni olib yurish natija bermasligini tushunib yetishi kerak edi.

Faqat ko‘chalarning to‘g‘ri loyihalashtirilishi foyda beradi (infratuzilma haydovchilarga tezlikni oshirishga va o‘z xohishicha harakatlanishga yo‘l qo‘ymasligi kerak, keng o‘tish joylarida svetoforlar bo‘lishi shart va hokazo), jazoning muqarrarligi (barcha uchun, ayniqsa davlat organlari belgilari bo‘lgan mashina haydovchilari uchun) va jazoning maksimal qat’iyligi (“kambag‘al” va “jarima bilan ko‘milgan” haydovchilarga g‘amxo‘rlik qilishni to‘xtatish vaqti keldi).

Xuddi shu Amir Temur ko‘chasida hali ham tartibga solinmagan o‘tish joylari mavjud. Ulardan birining oldiga o‘tgan yil oxirida YHXB tomonidan yangi chiziq chizilgan edi. Vaqt uning ham ishlamasligini ko‘rsatdi. Nega boshqarma svetofor va piyodalarni yoqtirmaydi? Va og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari uchun mas’ul shaxslar javobgarlikni qachon o‘z zimmasiga ola boshlaydi?