Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarni Haj va Umra ziyoratiga noqonuniy yuborish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Xususan, Andijon viloyatida yashovchi shaxs mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uning ota-onasini Namangandagi sayyohlik firmalaridan biri orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 20 ming dollar olgan vaqtida ushlandi. Boshqa holatda esa Namangan shahridagi turistik firma xodimi 2 nafar fuqaroni Haj ziyoratiga yuborish uchun 15 ming dollar talab qilib, 10 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shuningdek, Gurlan tumanida yashovchi shaxs 3 nafar fuqaroni Toshkentda faoliyat yurituvchi, lekin litsenziyaga ega bo‘lmagan turistik firma orqali Umra ziyoratiga yuborish uchun 3450 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Farg‘ona shahrida Toshloq tumanida yashovchi shaxs vakolatga ega bo‘lmagan holda 2 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga jo‘natish uchun 2400 dollar olgan. Quva tumanida esa boshqa bir shaxs Telegram orqali o‘zini ziyorat tashkil etuvchi sifatida ko‘rsatib, 2 nafar fuqaroni jo‘natish uchun 3100 dollar talab qilgan va 1800 dollar olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Barcha holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (Firibgarlik qilishga urinish) bilan ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.