Shanba kuni Toshkentning Amir Temur ko‘chasidagi piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan dahshatli YTHda nafaqat ayol, balki uning voyaga yetmagan farzandlari — 13 yoshli o‘g‘il va 16 yoshli qiz ham jabrlangan. Dushanba kuni ertalab paydo bo‘lgan bu ma’lumotni “Gazeta.uz”ga poytaxt IIBB va 7-sonli shahar klinik shifoxonasi tasdiqladi.

YHXX va Sog‘liqni saqlash vazirligi kun davomida bu ma’lumotni tasdiqlamadi yoki rad etmadi.

O‘g‘il o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan, ona va qizning ahvoli og‘ir va reanimatsiyada, deya xabar beradi shifoxona.

“Gazeta.uz” to‘qnashuvni bir necha yo‘l harakati qoidalarini buzgan 19 yoshli haydovchi sodir etganini yozgandi. Bu shaharda hozirgacha juda ko‘p bo‘lgan tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylaridan birida sodir bo‘ldi. YHXB sabab sifatida infratuzilmaning yomonligi (svetofor yo‘qligi va haydovchilarni chalg‘itadigan yangi yo‘l belgilari) haqida gapirmay, “haydovchining e’tiborsizligi”ni keltirdi.

“Gazeta.uz”dan tashqari, shaharsozlik mutaxassisi Bobur Sirajev va urbanist Iskandar Soliyev ham hokimiyat va YHXBning harakatsizligi haqida tanqidlar e’lon qildi.

“YTH sabablarini tizimli tahlil qilish o‘rniga aybni yo‘l harakati qatnashchilariga yuklash (victim blaming) amaliyoti davom etmoqda”, — dedi Bobur Sirajev.

U yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonun (ilgari “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida” deb nomlangan) mazkur yo‘nalishdagi quyidagi asosiy tamoyillarni o‘z ichiga olganini eslatib o‘tdi: tizimlilik, ilmiylik, ochiqlik va shaffoflik, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishning ustuvorligi, mahalliy aholi va yo‘l harakati qatnashchilarining fikrlarini inobatga olish. YHXX tomonidan ko‘rilgan ko‘plab chora-tadbirlar ushbu tamoyillarni e’tiborsiz qoldirmoqda.

“Shaxsan men muammolarning bitta yechimini ko‘rmoqdaman: loyihalarni ishlab chiqish xususiy sektorlarga topshirilishi kerak, xavfsizlikni ta’minlash va mavjud infratuzilma holatini monitoring qilish uchun yo‘l harakatini tashkillashtirish loyihalarini (YHTL) audit funksiyalari yo‘l nazorati, MMEB va inspeksiyadan mustaqil ravishda alohida bo‘limga o‘tkazilishi kerak. Balki Vazirlar Mahkamasi yoki prokuraturaga bo‘ysunadigan bo‘lar. Aks holda, voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelgan konkret uchastkaga mas’ul inspektor o‘z mas’uliyati ostidagi hududda yo‘l qo‘yilgan tizimli xatolarni qayd etishni ma’qul ko‘rmaydi”, — dedi mutaxassis.

Shuningdek, Iskandar Soliyev asosiy muammo “ayrim qoidabuzarlarda emas, balki harakatni tashkil etishning o‘zida” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tezlikni pasaytirish bo‘yicha jismoniy choralar, piyodalarni haqiqatda himoya qiladigan xavfsizlik orolchalari va hamma uchun jazo muqarrarligi vaziyatni yaxshilashga yordam beradi.

“Faqat haydovchi yoki piyodani ayblashni bas qilish vaqti keldi. Mas’uliyat ko‘chalarimizni xavfli qilayotgan va yillar davomida butun dunyoda o‘z samaradorligini isbotlagan yechimlarni joriy etmayotganlarga yuklanishi lozim”, — dedi u.

Toshkent shahri YHXB va O‘zbekiston YHXX tanqidiy izohlarga hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

Qonunni qo‘llash masalalari

2023-yilda “Gazeta.uz” piyodalar bilan to‘qnashuvga oid ishlar bo‘yicha sud qarorlari tahlilini e’lon qilgandi. O‘sha yildagi tasodifiy 50 ta sud qarori tanlab olingandi. Ma’lum bo‘lgandiki, hatto o‘limga olib keladigan baxtsiz hodisalarda ham birorta haydovchiga qamoq jazosi berilmagan. Sudlar javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlarni va tomonlarning yarashuvini hisobga olgandi (ishlarning deyarli yarmida).

Oliy sud veb-saytini o‘rganib chiqqan tahririyat yil boshidan buyon sudlar tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Yo‘l harakati yoki transportdan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha 1098 ta ish ko‘rilganini aniqladi.

527 ta ish yoki ishlarning 48 foizi bo‘yicha sud taraflarning yarashuvi tufayli ish yurituvini tugatgan. Bu ishlarning barchasi 266-moddaning 1-qismiga tegishli bo‘lib, jabrlanuvchilarga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohatlari yetkazilgan. Maksimal jazo — 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari.

Sudlar yarashtirish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda og‘irlashtiruvchi holatlar, jumladan, tezlikni qasddan oshirish, odamlarni piyodalar o‘tish joyida yoki yo‘l chetida urib yuborish, tan jarohatlarining og‘irligi, hatto nogironlik holati yuzaga kelganini hisobga olmaydi.