Toshkent shahri IIBB YHXB Amir Temur ko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng ushbu ko‘chadan yangi chiziqlarni olib tashlashni boshladi. Bu haqda YHXX matbuot xizmati ma’lum qildi. YTH oqibatida ayol va uning qizi og‘ir jarohat olgan, o‘g‘li esa yengilroq shikastlangandi.

Piyodalar o‘tish joylari va qayrilib olish joylari oldidagi qatnov qismini toraytiruvchi chiziqlardan voz kechish to‘g‘risidagi qaror YHXX tomonidan qabul qilindi, deyiladi xabarda.

YHXX vakili chiziqlar “xalqaro tajriba va ekspertlar tavsiyalari” asosida chizilganini ta’kidladi. Poytaxt YHXB chiziqlar qo‘yish boshlanganda ham shu haqda ma’lum qilgandi. U yerda qatorlar soni o‘zgarmasligiga va’da berilgandi.

“Gazeta.uz” avvalroq yozganidek, chiziqlarni yangilash belgilar o‘rnatish bilan birga olib borilmagan. O‘ng tomondagi qatorlar o‘z vaqtida qiyshaytirilmay, eski chiziqlari saqlab qolingani sababli toraygan joylarda ziddiyatli vaziyatlar yuzaga kela boshladi, oxirgi kunlarda bir nechta YTH sodir bo‘ldi.

Poytaxt hokimligining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, yangi chiziqlarni joriy etish tashabbusi shahar ma’muriyatiga emas, balki YHXBga tegishli.

YHXX qaror bekor qilinishiga “ijtimoiy tarmoq faollari, jamoatchilik vakillarining muhokamalari” sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, avariya oqibatida jabrlanganlar borligi va haydovchilarning noroziligi bunga asosiy sabab bo‘lgani aniq (haydovchilarning noroziligi ilgari ham hokimiyat qarorlarini o‘zgartirish uchun sabab bo‘lgan).

Agar yangilash ishlari o‘ng qatorlardan boshlanib, keyin ko‘cha o‘rtasiga “orolchalar” chizilganida, yangi yo‘l belgilari ko‘chani xavfsizroq qilishi mumkin edi (bu shahar ichidagi yo‘l). Qisqartirilgan qatnov qismini esa jismoniy to‘siqlar bilan — bordyurlar bo‘lmasa ham, ustunlar bilan o‘rab qo‘yish kerak edi.

YHXX o‘z xabarida avariya haqida gapirmagan va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tan olmagan.

Xizmat, shuningdek, ish tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash talablarini buzganlar javobgarlikka tortiladimi yoki yo‘qmi, bu haqda ham ma’lumot bermagan.

Videomurojaatda Toshkentdagi piyodalar uchun eng xavfli ko‘chalardan biri bo‘lgan ushbu ko‘chaga svetoforlar o‘rnatilishi yoki o‘rnatilmasligi haqida ham ma’lumot berilmagan.

“Gazeta.uz” avvalgi materiallarida Amir Temur ko‘chasida ham, umuman, yo‘l harakati xavfsizligi sohasida ham harakatni tashkil etishdagi (qonunga zid) kamchiliklarni sanab o‘tgandi. YHXX biror marta tanqidga javob bermagan.

Agar “inson qadri” haqiqatan ham muhim bo‘lsa, bu soha zudlik bilan tubdan isloh qilinishi kerak!

Mamlakat rahbariyati tomonidan e’lon qilingan piyodalar va yashash uchun qulay hamda xavfsiz shaharlar ustuvorligi tamoyillari, yo‘l-transport hodisalarida o‘lim va jarohatlanishni keskin kamaytirish, o‘nlab turli tuzilmalar o‘rniga yo‘l harakatini tashkil etishning yagona markazini yaratish va boshqa ko‘plab rejalar qog‘ozda qolmasligi lozim.

“Gazeta.uz” YHXXni muhokamalarsiz qaror qabul qilishni to‘xtatishga, tanqiddan qochmaslikka va jahon amaliyotida umume’tirof etilgan xavfsiz ko‘chalar tamoyillarini e’tiborsiz qoldirmaslikka, shuningdek, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni o‘rganishga chaqiradi.