Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri sudi mast holda mashina boshqarib fuqaro o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qidi. Bu haqda Sevimli telekanalida xabar berildi.

Qayd etilishicha, yashash uyida kechgacha spirtli ichimlik iste’mol qilgan shaxs Damas avtomobilida Qarshi shahriga borgan. U shaharda piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 3 kishi — er-xotin va uning bolasini urib yuborgan. YTH oqibatida erkak vafot etgan.

“Seni bir yil ko‘rolmayman. Maza qilib aylanib kelaylik. Uy olamiz, boshqa narsa olamiz, deb xursand bo‘lib ketayotgandik. Birinchi “peshexod”dan o‘tdik, ikkinchisida esa avariya bo‘ldik… Tarsillagan, chirsillagan ovozni eshitdim, avariya ko‘z oldimda bo‘ldi, lekin hech nimani eslolmayman. Faqat erimning yotgan holatini ko‘rdim, o‘g‘limning qayerga uchib ketganini ko‘rganim yo‘q. Haydovchi mashinasidan chiqib kelganida uni urdim, keyin o‘g‘limni qo‘limga keltirib berishdi”, — deya esladi marhumning turmush o‘rtog‘i sud majlisida.

йтҳ, mast haydovchi, қарши

Tergov jarayonida ayblanuvchi kuchli mast holatda bo‘lganidan nima uchun Qarshiga borganini eslolmasligi va avtohalokat sodir etganini his qilmaganini bildirgan. U, shuningdek, aybiga iqrorligi va suddan o‘ziga yengillik berishni so‘radi.

Jabrlanuvchi esa da’vosi yo‘qligi, haydovchiga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni iltimos qildi.

“Da’vom yo‘q, deyapsiz. E’tirozimiz yo‘q. Shuning uchun ham 2 yil jazo berdik. Aslida bu yerda jazo jiddiyroq edi. Bu kishi o‘sha kuni qishlog‘ida spirtli ichimlik ichgan, o‘zi aytib beryapti. Da’vongiz yo‘qligini e’tiborga olib, bor imkoniyatni qilib, qonuniy yengillikni berib bo‘ldik. Lekin qilingan harakati uchun qonun oldida javob berishi shart”, — dedi sud raisi

Ish yakunida haydovchi 2 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.