Toshkent, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi Davlat xavfsizlik xizmati.
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro Ohangaron tumanida joylashgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 32 gektar yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 2 mln 400 ming dollar talab qilgan. U oldindan 500 ming dollarni Toshkent shahridagi kafelardan birida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda Yangiyo‘l tumanida yashovchi 2 shaxs (1974 va 1978 y.t.) tuman hokimligi zaxirasidagi 48 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 60 ming dollar, kadastr hujjatlarini hal qilib berish evaziga esa 8160 dollar so‘ragan. Ular ham 64 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi shaxs (1990 y.t.) Suv xo‘jaligi vazirligining “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli Meliorativ ekspeditsiya balansida bo‘lgan 20 sotix yer maydonini hamda mahalliy fuqaroga tegishli qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 45 sotix yer maydonini jami 60 ming dollarga sotishga kelishgan. U 56,7 ming dollar va 43 mln so‘mni olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi shaxs (1979 y.t.) mazkur tumandan oqib o‘tuvchi Shovot kanali bo‘yida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonini kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Fuqaro xizmati evaziga 45 ming dollar va 13 mln so‘m olgan paytida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.