Namangan viloyati Uychi tumanida 22-fevral kuni Lacetti voyaga yetmagan piyodani urib yubordi. Viloyat YHXBning ma’lum qilishicha, jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan.

Holat soat 15:10 atrofida Yakkatut mahallasidan o‘tgan yo‘lda sodir bo‘lgan. Lacetti yuqori tezlikda harakatlanayotganda qiz (2014 y.t.) yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib chiqib qolgan.

YTH yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Viloyat YHXB maktablarda ota-onalar ishtirokida YTH yuzasidan profilaktika tadbirlarini o‘tkazgan. Yig‘ilishlarda ota-onalarning xushyorligini oshirish uchun viloyatda bolalar ishtirokida yuz bergan ayanchli avtohalokatlar aks etgan film qo‘yib berilgan.