Qozog‘iston hukumati O‘zbekistonga 1,5 mlrd dan 10 mlrd kub metrgacha Rossiya gazini yetkazib berish masalasini muhokama qilmoqda. “O‘zbekiston energetika tizimining va Rossiyaning tayyorligiga qarab ta’minot hajmini yanada oshirish mumkin”, — dedi Qozog‘iston energetika vaziri.
Nukus davlat pedagogika instituti rektori sifatida ishlab kelgan Bayram Otemuratov Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisiga o‘rinbosar bo‘ldi. Avvalroq shu lavozimda ishlab kelgan Abatbay Daniyarov Nukus shahriga hokim etib tayinlangandi.
Navoiy viloyatida ayol 2023-yilda tug‘ilgan qizini 90 mln so‘mga sotmoqchi bo‘ldi. Holat yuzasidan “Odam savdosi” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonliklarning 248,3 ming nafari 2023-yilning yanvar-iyun oylarida dam olish maqsadida xorijga safar qilgan.
Qirg‘iziston prezidenti qonunchilikka OAVda “bolalar salomatligi yoki rivojlanishiga zarar yetkazuvchi” ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlovchi tuzatishlarni imzoladi. Huquq himoyachilari qonunning qabul qilinishiga qarshi chiqib, uni “senzura uchun yana bir vosita” deb atadi.
O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Vashingtonda “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha memorandum imzoladi.
Prezident farmoni bilan 2025-yil 1-yanvardan dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bekor qilinadi.
Import avtomobillarni faqat ularning rasmiy dilerlari tomonidan sotilish talabi bekor qilindi. Shuningdek, Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi berilmoqda.
Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini aniqlovchi xususiy kameralar ma’lumotlarida 5 foizdan ortiq xatolikka yo‘l qo‘yilsa, tadbirkorlar ushbu kameralarga egalik huquqidan mahrum etiladi.
Koson tumanidagi 20-maktab direktori o‘qituvchi va ishchi xodimlarni ta’mirlash ishlariga jalb etgani aniqlandi. Direktorga nisbatan 33 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi.
“O‘zagroeksportbank” aksiyadorlari bank nomini AVO Bank (“havo” so‘zining qisqartmasi) etib o‘zgartirish uchun ovoz berdi. Endilikda bank Olimjon Shodiyev tomonidan tashkil etilgan AVO kompaniyalar guruhi tarkibiga kiradi.
Rossiya Markaziy banki rublning zaiflashishi fonida asosiy stavkani 8,5 foizdan 12 foizga oshirdi. Qaror narx barqarorligini ta’minlash uchun risklarni cheklash maqsadida qabul qilindi, deydi regulyator.
2023/2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari, 2024/2025 o‘quv yilidan esa barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi.
Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a shahrida yonilg‘i quyish shoxobchasi portlab, 35 kishi halok bo‘ldi, 75 kishi jarohatlandi. Portlashga shoxobcha yonidagi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish markazida yuz bergan yong‘in sabab bo‘lgan. 15-avgust respublikada motam kuni deb e’lon qilindi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh aholi noma’lum shaxsni voyaga yetmagan qizga tegajog‘lik qilish va uni o‘g‘irlashda uringanlikda ayblayotgan video tarqaldi. Xorazm viloyati IIB xabariga ko‘ra, gumonlanuvchi 43 yoshli erkak bo‘lib, u ruhiy-asab kasalliklar dispanserida ro‘yxatga olingan.
AQShning sobiq prezidenti Donald Trampga to‘rtinchi bor jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Siyosatchi Jorjiya shtatida 2020-yilgi prezidentlik saylovi natijalarini bekor qilishga urinishda ayblanmoqda. U jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitgan holda shtat hokimiyatidan unga qo‘shimcha ovozlarni “topish”ni talab qilgan.
Qonunchilik palatasi deputatlari Bekzod Narimanovni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari lavozimiga sayladi. Qaror Senatga yuborildi.
SSV 2023-yildan IELTS bo‘yicha kamida 7,5 balli, nemis va fransuz tilini bilish darajasi bo‘yicha S1 sertifikatli tibbiyot OTM va texnikumi talabalariga 990 ming so‘m stipendiya to‘laydi. To‘lov sertifikatning amal qilish davrida berib boriladi.
YUNISEFning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sitsi Singizi “Gazeta.uz”ga bergan kolonkasida Namangan viloyatining chekka qishloqlaridan birida ochilgan maktabgacha ta’lim muassasasi misolida ushbu muassasalardan teng foydalanishni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar haqida so‘z yuritdi.
2022-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining 47 foizi xalqaro moliya institutlarining qarzlari va yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan, 18 foizi davlat g‘azna obligatsiyalari chiqarish hisobidan qoplandi. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 35 trln 229 mlrd so‘mga yetdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting