1−2 dekabr kunlari mamlakatga iliq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Juma kuni respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +17…+22 daraja atrofida bo‘ladi.
Yakshanba kuni Qirg‘izistonda parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. MSK saytidagi texnik nosozlik ko‘pchilikda rasman keltirilgan raqamlarning to‘g‘riligiga shubha uyg‘otdi. Mamlakatning 5 ta partiyasi yetakchilari “parlament saylovlari natijalari soxlashtirilgani” tufayli saylovni qayta o‘tkazish, qolaversa, Vazirlar Mahkamasini iste’foga chiqarishni talab qilmoqda.
Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMT Maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonning BMT va uning inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligining dolzarb masalalarini, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashishdi.
“Tutqunlik” filmi Rossiyada bo‘lib o‘tgan “Volokolamskiy rubej” harbiy-vatanparvarlik kinofestivalida “Gran-pri” bosh sovrini bilan taqdirlandi. Ushbu filmda 2019−2020 yillarda o‘tkazilgan mazkur “Mehr” operatsiyasi jarayonlari aks ettirilgan.
Prezident qaroriga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nogironlikni belgilash pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi. 2022 yil 1 avgustdan boshlab Toshkent shahrida, 2023 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida nogironligi bo‘lganlarni hisobga olish va ko‘rikdan o‘tkazishning yangi elektron axborot tizimi joriy etiladi. Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan shaxslar nogironligi muddatsiz davrga belgilanadi.
Kitob tumanidagi 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabi endilikdagi sobiq direktori boshqa bir fuqarodan sport murabbiyi lavozimiga ishga kiritib qo‘yish uchun 1,5 mln so‘m pora olgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sergelidagi tegirmon-yorma sanoati mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonadagi ishchilar yotoqxonasida havo-gaz chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqdi. Bunga gaz quvurlarining nosozligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Hodisa tufayli 18 nafar fuqaro kuyish tan jarohati bilan shifoxonaga yotqizildi.
Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 99 mln so‘mlik 99 dona Remdesivir dori vositasining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qoldi. Koronavirusga qarshi ushbu preparatlarning sifatini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagani aytilmoqda.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ashxobodda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammitida nutq so‘zlab, to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha takliflarni ilgari surdi. Xususan, 500 mln aholi yashaydigan IHTga a’zo davlatlarini savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga chaqirdi. Shuningdek, davlat rahbari ishtirokchilarni navbatdagi sammitda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif etdi.
AARC xalqaro konsalting kompaniyasi «Toshshahartransxizmat» bo‘yicha hisobotida Toshkentdagi yo‘lkira narxlari Nyu-Yorkdagidan 20 barobar arzonroq ekani haqidagi ma’lumotni e’lon qildi. Iqtisodchi Botir Qobilov esa Toshkentdagi yo‘lkira narxi Nyu-Yorkdagidan barobar qimmatroq ekanini hisoblab berdi.
Rasul Kusherbayev Markaziy bankni dam olish kunlari valyuta ayinboshlash shoxobchalari ishlamasligi tufayli odamlarni valyutani «qora bozorda» almashtirishga majbur qilayotganlikda aybladi. Deputat guvohlar ishtirokida 50 dollarni ko‘chada almashtirdi. «Har qanday vaziyatda ham fuqarolar huquqbuzarlik qilmasliklari uchun ularni shuni qilishga majbur qiluvchi barcha sabablar bartaraf etilishi shart», — deya ta’kidladi u.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida qatnashish uchun Ashxobod shahriga bordi. Uni aeroportda Turkmaniston prezidenti kutib oldi. Ikki davlat rahbarlari sammit oldidan muzokara o‘tkazdi.
Davlat organlari faoliyatining ochiqligi baholanishi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish haqida hisobot berishi, ayrim sud ishlarining jonli efirda uzatilishi, ko‘chma savdo faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi soddalashtirilishi, xarid komissiyasining ayrim vakolatlari bekor qilinishi, xorijdagi o‘zbekistonliklarga davlat xizmatlaridan foydalanishga imkoniyat yaratilishi — 1 dekabrdan O‘zbekiston qonunchiligida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?
Alisher Usmonov uchinchi marotaba Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentligiga saylandi. U tashkilotga 2008 yilda rahbarlik qila boshlagan, 2012 va 2016 yillarda qayta saylangan edi.
Poytaxtdagi jamoat transportlarida tegajog‘lik va jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kampaniya boshlandi. Avtobus salonlarida bannerlar va favqulodda to‘xtatish tugmalari joriy qilindi. «Gazeta.uz» xarassment qurbonlari qanday harakat qilishi lozimligi, qolaversa, haydovchi va chiptachi ushbu holatga qay tarzda munosabat bildirishi kerakligi hamda xorijda zo‘ravonlikka qarshi qanday kurash olib borilayotganini o‘rgandi. O‘zbekiston qonunchiligida tegajog‘liq uchun javobgarlik mavjud emas. Huquqbuzarni «haqorat qilish» moddasi bilan javobgarlikka tortish rejalashtirilgan.
JSST Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning B.1.1.529 shtammini «xavotirli variant» deb tasnifladi. Tashkilot unga Omikron deb nom berib, uni virusning boshqa shakllariga qaraganda tezroq tarqalishi mumkinligini qayd etdi. 27 noyabr holatiga virusning yangi shtammi 100 ta holatda qayd etilgan.
Prezident muzeylarning daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanishiga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Ilgari muzeylarga tijoriy faoliyatni amalga oshirish taqiqlangan edi. Xizmat ko‘rsatish chog‘ida muzeylar ashyolar va kolleksiyalar but saqlanishini ta’minlashi kerak.
Hukumat qarori bilan endilikda YATTlar 5 nafargacha xodim yollashi mumkin, ilgari 3 nafargacha ruxsat berilgandi. Bunda tadbirkor bank hisobvarag‘i ochganidan so‘ng xodim yollash huquqiga ega bo‘ladi. Qolaversa, xodim bilan mehnat shartnomasi ham tuziladi.
Yanvar-oktabr oylarida qiymati 12 mln dollariga teng bo‘lgan jami 613 dona elektromobil import qilingan. Ushbu turdagi avtomobillar asosan Xitoydan (551 ta) olib kelingan.
Oqqo‘rg‘on tumanida 26 yoshli fuqaro va uning 24 yoshli turmush o‘rtog‘i is gazidan zaharlanib, vafot etdi. Sud-tibbiy ekspertizaning dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ularning o‘limiga zaharlanish, o‘tkir yurak qon tomir nafas yetishmovchiligi, miya va o‘pkalar shishi sabab bo‘lgan. Vaziyat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting