1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek sifatida qaytariladi. Oylik aylanmasini naqd pulsiz amalga oshirganlarga esa QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarning foyda solig‘i 2 karraga kamayadi.
O‘zbekistonning JSTga kirishi — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarning ajralmas bir qismi, dedi prezident. “Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, — dedi u ishbilarmonlar bilan uchrashuvda.
O‘zbekistonda tadbirkorlarga auksionda yer sotib olishda QQS hisoblash bekor qilinadi, ushbu xarid summasini bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi, darhol to‘lansa, chegirma taqdim etiladi. Bunda biznes tomonidan obyektni loyihalashtirish va topshirish muddatlari buzilsa, davlat ajratilgan yerni olib qo‘yishi mumkin.
Prezident Nukusda tadbirkorlar bilan uchrashuvda biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi choralarini ma’lum qildi. Mikrokredit limitini 300 mln so‘mgacha oshirish, mikromoliya tashkilotlari uchun qo‘shimcha resurslar ajratish, faktoring xizmatlari va islomiy moliya bozorini rivojlantirish shular jumlasidan.
Tadbirkorlarga eletr energiyasi va gazdagi limitdan ortiqcha foydalanishdagi yuqori tariflarlar summasi pasaytiriladi. Prezidentning aytishicha, endi tadbirkorlar limitdan 20 foizgacha oshib ketsa ham bazaviy tarif saqlanib qoladi, oshgan qismiga to‘lov esa 20 foiz qimmatlashadi.
Prezident davlat jalb qilgan mablag‘larni yirik davlat korxonalariga berish amaliyotidan bosqichma-bosqich voz kechishni ma’lum qildi. Hozirda davlat banklari tomonidan berilgan kreditlarning 92 trln so‘mi yoki 30 foizi 10 ta yirik davlat korxonalariga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekistonda 3 yildan ortiq ishlayotgan korxonalar ulushi 76 foizni tashkil etib, ilk marta 300 mingtaga yetdi. Xususiy sektorda 5 mln so‘mdan ortiq maosh oladigan ishchilar soni 1 milliondan oshdi, dedi prezident. Qolaversa, u O‘zbekistonda investorlarning biznes qilishga ishonchi ortib borayotganiga ishora qildi.
Prezident Qoraqalpog‘istonda kichik va o‘rta loyihalarni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tartibini ma’qulladi. Hozirda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerlar Nukus shahrida 1 mln dollar, qolgan tumanlarda 300 ming dollar investitsiya kiritish sharti bilan berilmoqda.
Qoraqalpog‘istonning Chimboy tumanida 2004-yil yopilgan “Gulparshin” sanatoriysini qayta ishga tushirish taklif etildi. Buning natijasida har bir davolangan bemordan o‘rtacha 600−700 ming so‘m tushum ta’minlanadi. 50 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilib, budjetga 1,3 mlrd so‘mlik qo‘shimcha tushum manbasi yaratiladi.
Markaziy bank ikkinchi chorak uchun 0,7 punktga pasaygan iste’mol kayfiyati indeksini e’lon qildi. So‘rov natijalariga ko‘ra, uy-joy sotib olganlar ulushi 6,2 foizdan 5,8 foizga kamaydi, avtomobil xaridi esa — 12,3 foizdan 10,5 foizga. Kelgusi oylarda ham uy-joy sotib olishni xohlovchilar kamroq.
Prezidentga Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilishi reja qilingan investitsiya loyihalari taqdim etildi. Saudiya Arabistoni bilan Nukus shahrida issiqlik ta’minoti tizimini yaxshilash, Ispaniya bilan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish hamda Germaniya bilan misni qayta ishlash loyihalari rejalashtirilmoqda.
Prezident Qoraqalpog‘istonda Xitoy va Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan 2 ta shamol elektr stansiyasi qurilishiga start berdi. Shuningdek, yangi inshootlarning qurilishi va faoliyati boshlab berildi.
Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Kobulga bordi. Tashrifda savdo aylanmasini 3 mlrd dollarga yetkazish, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish muhokama qilindi. Afg‘onistonlik tadbirkorlarni O‘zbekistonda faol ishlashi borasida kelishuv imzolandi.
Yil boshidan buyon O‘zbekiston 843,6 ming tonna mazut import qildi, bu o‘tgan yilning yanvar-iyul oylaridagi hajmdan ikki baravar ko‘p. Iyunda import 22 baravar (2023-yil iyuniga nisbatan), iyulda esa 19,6 baravar oshdi.
O‘zbekistonda norasmiy ishlab kelgan yarim milliondan ortiq fuqaro (576,1 ming) yo‘lovchi tashish sohasida o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Yil boshidan beri daromadi 100 mln so‘mdan oshgan haydovchilarning soni 171 nafarga yetgan.
1-sentabrdan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori hamda boshqa nafaqa va to‘lovlar 15 foizga oshiriladi.
Senatorlar 100 dan ortiq hujjatni, jumladan, 9 ta qonunni o‘zida jamlagan Tadbirkorlik kodeksini ma’qulladi. U tadbirkorlikni uchta toifaga bo‘ladi, davlat tomonidan tartibga solishning chegara va shakllarini, yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullana olmaydigan faoliyat turlarini va boshqalarni belgilaydi.
Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi. Shuningdek, bu hokim yordamchilarining asosiy vazifasiga aylanadi. Ehtiyojmandlarni ishga olgan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi.
Prezident faktoring xizmatlari bozorini rivojlantirishga oid farmon imzoladi. 2025-yildan kredit tashkilotlari faktoring shartnomalari bo‘yicha sotib olingan pul talabnomalarini qayta sota (refaktoring) oladi, mijoz kontragenti norezident bo‘lsa, operatsiyalarni xorijiy valyutada qilishga ruxsat etiladi.
O‘zbekiston dunyoda 100 foiz omonat kafolati hali ham amal qiladigan kam sonli davlatlardan biridir. Markaziy bank kafolat chegarasini 200 mln so‘m etib belgilashni, kompensatsiya berish muddatini qisqartirishni va boshqalarni taklif qilmoqda. To‘liq kafolat avval ochilgan depozitlar uchun saqlanib qoladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting