Markaziy bank 50 ming so‘mlik banknot namunasining old tomonida «Al-Hakim at-Termiziy» maqbarasi tasviri tushirilgani, ammo maqbara nomi «Abu Iso at-Termiziy» deb yozilganligini tan oldi va befarq bo‘lmagan barchaga minnatdorchilik bildirdi. MB ushbu yangi ko‘rinishdagi pullar emissiya qilinmagani, hozirda xatolik bartaraf etilayotganini qo‘shimcha qildi.
Bloomberg tahlillariga ko‘ra, 2022 yilda iqtisodiy o‘sish uchun eng yirik xavf-xatarlar — omikron, keskin inflyatsiya, AQSh Federal rezerv banki asosiy stavkalarining o‘sishi, Xitoyning tanazzul yoqasidagi gigant kompaniyasi Evergrande, Tayvan, rivojlanayotgan bozorlar inqirozi, Brexit muzokaralari, yevrozona inqirozi, Yaqin Sharqdagi oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishi bo‘lishi mumkin.
Juma kunidan «O‘zbekneftgaz» kompaniyasiga qarashli respublikadagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarida «AI-80» markali benzin narxi 6500 so‘mgacha arzonlashtirildi.
Prezident qarori bilan respublikada gidroenergetikani rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2030 yilda respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvatini 3416 MVtga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xususiy investorlar quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz hamda 5 MVtgacha bo‘lgan gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yagona energetika tizimiga ulanmagan holda iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish huquqiga ega bo‘ldi.
Osiyo taraqqiyot bankining 162 mln dollarlik loyihasi doirasida Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temir yo‘l liniyasi elektrlashtiriladi. «Buxoro-Xiva» liniyasining elektrlashtirilishi yillik yo‘lovchi tashish hajmini 2026 yilga kelib uch yarim barobardan ziyodga oshiradi. Loyiha natijasida yillik yuk tashish hajmi 2026 yilda jami 11,8 million tonnaga yetishi kutilmoqda.
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan investor o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganini ma’lum qildi. U bog‘ni ijaraga berish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.
Yangi ko‘rinishdagi 50 ming so‘m va 100 ming so‘m bo‘lgan banknotlar 22 dekabridan muomalaga chiqarilishi ma’lum qilindi. Ushbu yangi banknotalar 2017 yil namunasidagi 50 ming so‘mlik va 2019 yil namunasidagi 100 ming so‘mlik banknotlar bilan parallel ravishda muomalada bo‘ladi.
Senat 2022 yilgi davlat budjetini ma’qulladi. Unga ko‘ra, kelgusida yilda mamlakat YAIM o‘sish sur’atlari 6 foiz, inflyatsiya esa 9 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Davlat budjetidan ijtimoiy sohaga jami 74,6 trln ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,85 so‘mga pasayib, 10 830,15 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham pasaydi.
Qonunchilik palatasi yil davomida uchinchi marta davlat budjeti xarajatlarini oshirishni ma’qulladi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, eksport sohalarini qo‘llab-quvvatlash, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va boshqa sohalar uchun 2,2 trln so‘m ajratilmoqda. Tuzatishlar uch o‘qishdayoq qabul qilindi.
Kelgusi 12 oy uchun aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari mos ravishda 16,5 foiz va 15,6 foizgacha oshdi. Respondentlar yoqilg‘i narxlarining oshishi va so‘mning qadrsizlanishini umumiy narxlar darajasining kutilayotgan o‘sishiga ta’sir etuvchi asosiy omil sifatida keltirmoqda.
«Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi. Qonun loyihasida mehnat migrantlarining daromadlari ikki tomonlama soliqqa tortilmasligi belgilanmoqda.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,71 so‘mga ko‘tarilib, 10 845 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ko‘tarildi, rubl kursi esa pasaydi.
Hindiston Eksimbanki tomonidan O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalarida loyihalarni moliyalashtirish uchun 448 mln dollar miqdorida mablag‘lar ajratilishi ma’lum qilindi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Farg‘onaazot» aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiya paketlarini sotish rejasini ma’lum qildi. Deloitte TCF LLP — ushbu xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha agentligining yetakchi maslahatchisi/ Xalqaro moliya korporatsiyasi ham ushbu jarayonga yordam beradi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 18,81 so‘mga ko‘tarilib, 10 826,49 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
Chilonzor tumanidagi boshlang‘ich narxi 204 mlrd so‘mga baholangan harbiy shaharcha onlayn savdo orqali 266,4 mlrd so‘mga sotildi. Auksionda 2 dekabr kuni tashkil etilgan «Do'mbrobod city group» kompaniyasi g‘olib bo‘lgan.
Hukumat qarori bilan import tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qo‘llash tartibi nizomi tasdiqlandi. Kvotalar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan import qiluvchilar o‘rtasida taqsimlanadi. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev ushbu qarorning salbiy oqibatlari, tarif kvotalarining iqtisodiyotga ta’siri va hukumatning kvotalardan ko‘zlagan maqsadi haqida «Gazeta.uz» uchun maqolasida fikr yuritadi.
Deputatlar muhokama qilayotgan Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga muvofiq, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hamda aksiz solig‘i stavkalari o‘rtacha 10 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes faoliyatini kengaytirish va ular uchun qulay muhitni yaratish maqsadida 100 mln dollar kredit ajratadi. Bunda kredit OTB maxsus dasturining birinchi kichik qismini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi va 20 mln dollar ekvivalentidagi mablag‘ so‘mda taqdim etiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting