Milliy gvardiyaning qonun va tartibni himoya qilish vakolatlari kengaytirilishi, noyabr-dekabr oylarida yetkazib berilishi kutilgan UzAuto Motors avtomobillari 2 oyga kechikishi, Adliya vazirligi Rasul Kusherbayevni “qora bozor"dan valyuta ayirboshlaganini qoralashi — “Gazeta.uz"ning 30 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
27 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonning quyi Amudaryo biosfera rezervatida boshlangan o‘rmon yong‘inlari 30 noyabrning tongiga kelib to‘liq o‘chirildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmonning 30−35 gektar maydoni zarar ko‘rgan. Yong‘in boshlangan hududda chodirlar o‘rnatilgani ma’lum qilindi.
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva BMT Ayollar qo‘mitasining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Al-Yosir bilan uchrashdi. Unda Toshkentda BMT Ayollar qo‘mitasining vakolatxonasi ochish taklifi ilgari surildi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 8,05 so‘mga ko‘tarilib, 10 778,98 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari esa ko‘tarildi.
Energetika vazirligi uchta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tenderning ilk bosqichida 15 ta xalqaro kompaniyadan ariza kelib tushganini ma’lum qildi. Loyiha Namangan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVtgacha bo‘lgan stansiyalarni qurishni nazarda tutadi.
UzAuto Motors kompaniyasi noyabr-dekabr oylarida avtomobili yetkazib berilishini kutayotgan xaridorlarga transport vositalari 2 oydan keyin berilishini ma’lum qildi. Bunga sabab sifatida butlovchi qismlar yetishmovchiligi hamda global logistika muammolari ko‘rsatilgan.
Endilikda Milliy gvardiya ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda, shuningdek, jamoat joylarida jamoat tartibini mustaqil ravishda ta’minlaydi. Bundan tashqari, Milliy gvardiya jamoat tartibini saqlash sohasida sodir etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish huquqini olishi mumkin.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 1−2 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha shamol 17−22 m/s gacha, ba’zi joylarda 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. Ayrim viloyat va tumanlarda changli bo‘ron hamda chang g‘uborlar ko‘tarilishi kuzatilishi aytildi.
Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida fuqarolarning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreya va Avstraliya davlatlariga yuborishni va’da qilgan va buning evaziga pul talab qilgan shaslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan firibgarlik moddasi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
UzAuto Motors kompaniyasi xabariga ko‘ra, hozirgacha Captiva 5 avtomobili uchun jami 461 ta shartnoma puli to‘langan bo‘lib, 207 nafar xaridor ushbu avtomobil o‘rniga boshqa transport vaositasini olishga, 161 nafari esa to‘langan mablag‘ni qaytarilishiga qaror qilgan. Shuningdek, 41 nafar mijoz kechadan boshlab kompensatsiya sifatida taqdim etilgan 5 foizlik to‘lov summasini olgan.
Adliya vazirligi deputat Rasul Kusherbayevning valyutani bila turib «qora bozor»dan ayirboshlaganini amaldagi qonunlarni buzishga qaratilgan namoyishkorona harakat deb baholadi. «Rasul Kusherbayevning shaxsiy o‘rnak sifatida qonunlarni buzish orqali muammoni hal etish usulini tanlagani, shu orqali huquqiy nigilizmni targ‘ib qilishga olib kelayotganini oqlab bo‘lmaydi», — deyiladi xabarda. Vazirlik ushbu muammo mavjudligini tan olgan, biroq uni birgalikda hal qilishga chorlagan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalari shifokor va hamshiralari hozirda 26 turdagi jurnal va 33 turdagi hisobot shakllari, qolaversa, bemorlar uchun o‘nlab turdagi blanklarni to‘ldirishga majbur bo‘layotganini ma’lum qildi. Tizimdagi qog‘ozbozlikni bartaraf etish uchun ishchi guruh tuzildi.
26 noyabr kuni Qamchiq dovonida yo‘lida harakatlanib ketayotgan yengil avtomashinaga joylashtirilgan yelim idish yorilib, ichidagi baliqlar yo‘lga sochilib ketgan. YTH oqibatida jabrlanganlar yo‘q, baliq chavoqlarining asosiy qismi nobud bo‘lmasdan yig‘ishtirib olingan.
Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov uchta viloyatga tashrifdan so‘ng, maktablardagi ahvolni qoniqarli emas deb atadi. «Afsuski, hatto o‘z fani bo‘yicha oddiy savolga ham javobni bilmaydigan o‘qituvchilar bor ekan», — dedi u. U o‘qituvchilar qo‘lida inson taqdiri yotganini aytib, «jonkuyarlik bo‘lmasa nima qiladi bu kasbni tanlab?» degan savolni o‘rtaga tashladi. Vazir ta’lim sifatini yaxshilash uchun katta va ko‘p ishlar qilish kerakligini ma’lum qildi.
Toshkent shahrida yo‘l haqi 3000 so‘m bo‘lgan yangi ekspress avtobus yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ushbu yo‘nalish 4 ta jadval asosida 23 daqiqalik oraliq interval bilan harakatlanadi.
Farg‘onada korxona rahbari 0,5 gektar yerni 100 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Namanganda esa fermer xo‘jaliklardan birida rahbar 5 gektar yerni bog‘ uchun ajratib berish evaziga 96 mln so‘m so‘ragani aytilmoqda. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berish moddalari bilan ish qo‘zg‘atildi.
JSST koronavirusning omikron varianti bilan bog‘liq umumiy global xavfni juda yuqori deb baholadi. Bu ikki yillik pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanishni xavf ostida qoldirishi mumkinligi aytilmoqda. Omikron shtammi hozirgacha «yengil alomatlar» bilan kuzatilgan va uni uy sharoitida davolashga muvaffaq bo‘lishgan. JSSTga ko‘ra, avval COVID-19 bilan og‘rigan bemorlarning yangi shtamm bilan zararlanish ehtimoli yuqori.
Poytaxtda fuqara boshqa bir shaxsdan 3 300 dollarni 35,3 mln so‘mga sotib olgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
«PSJ» va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi yettinchi «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. «Bavariya» va Polsha terma jamoasi hujumchisi Robert Levandovski esa yilning eng yaxshi hujumchisi sifatida e’tirof etildi.
Portugaliya va Shotlandiyada COVID-19'ning yangi omikron shtammi bilan zararlanish holatlari aniqlangani, Qirg‘izistonda besh partiya saylov natijalarini tan olishdan bosh tortgani, Istanbuldagi kuchli bo‘ronlar oqibatida 4 kishi halok bo‘lgani, Turkmaniston birinchi xonimining ilk surati tarqalgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting