Milliy gvardiya axborot xizmati Toshkentning Yakkasaroy tumanida Milliy gvardiya xodimlari pirotexnika vositalarini yashirgan maktab o‘quvchilarining sumkasidan ularni olib qo‘yganini ma’lum qildi. Voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalari voqea haqida zudlik bilan xabardor qilinganligi aytildi.
Olmazor tumani hokimligining mansabdor shaxslaridan biri 2 nafar sherigi bilan boshqa fuqaroga 12 gektar yerni 1 mln 560 ming dollar evaziga olib bermoqchi bo‘lganida ushlandi. Shuningdek, bank xodimi poytaxtdan fuqaroga uy-joy olishida ko‘maklashish evaziga 2000 dollar olganida qo‘lga olindi.
Farg‘ona viloyatida Nexia avtomashinasida 25 mln 200 ming so‘mlik pirotexnika vositalari aniqlandi. Yana bir holatda 61 mln 240 ming so‘mlik pirotexnika vositalari ushlab qolindi.
Dam olish kunlari respublika bo‘ylab yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi. Kunduz kuni havo harorati +13…+15 daraja atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Sankt-Peterburgdan Namangangga uchayotgan samolyot bortdagi tug‘ruq tufayli Nijniy Novgorod aeroportiga qo‘ndi. Bolani styuardessalar qabul qilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini bekor qilib, uni yangilash bo‘yicha buyruq loyihasini ishlab chiqdi. Unga muvofiq, retseptsiz beriladigan preparatlar ro‘yxati kengaytirilmoqda.
Tojikistonning Xorug‘ shahrida organ xodimlari hibsga olish paytida fuqaroni otib o‘ldirganligi sababli miting uyushtirildi. Mitingda o‘t ochilib, namoyishchilardan 6 kishi yaralangan, «Aziya-Plyus» manbasiga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan.
Argentinalik olimlarning kuzatuvlariga ko‘ra, olti oy muddatda «Sputnik V» bilan emlanganlarning atigi 31 foizida COVID-19 ga immun javob berish uchun yetarli miqdorda antitanachalar saqlanib qolgan.
Toshkentda BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasi va Markaziy Osiyoning beshta davlati o‘rtasida 2022−2025 yillarga mo‘ljallangan yangi hamkorlik dasturi imzolandi. Dasturning budjeti 90 mln dollarni tashkil etadi.
Xalq ta’limi vazirining o‘qituvchilar va ota-onalarga murojaati, talabalarga kontraktini to‘lab bergan hokimliklar reytingi e’lon qilinishi, Yangihayot tumanining ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha uzilishi — “Gazeta.uz"ning 25 noyabrdagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Uzbekistan Airports Silk Avia hududiy sho‘’ba aviakompaniyasni tashkil etmoqda. Yangi aviakompaniya viloyatlar o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirib, chipta narxlarini «temiryo‘l chiptalari bilan mos» qiladi. Uzbekistan Airports birinchi bosqichda boshqaruvchi kompaniya bo‘ladi. Keyinchalik aviatashuvchi xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Osiyo taraqqiyot banki Toshkent viloyatida suv ta’minoti tizimini yaxshilash uchun 161 mln dollar miqdorida kredit ajratmoqda. Loyiha doirasida Ohangaron, Olmaliq, Angren, Bekobod, Chirchiq, Yangiyo‘l va Chinoz shaharlarining markazlashgan oqava suv tizimlarini modernizatsiya qilinadi. Chinoz, Yangiyo‘l va Zangiota tumanlaridagi 70 ta qishloq aholi punktlarida 136 ming nafar aholiga septiklar o‘rnatilib, markazlashtirilmagan kanalizatsiya tarmoqlariga kirishi ta’minlanadi.
2022 yilda Moskvada mehnat migrantlari uchun patent narxi oyiga 5341 rubldan 5900 rublgacha oshiriladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston 26 noyabrdan boshlab kontaktsiz yuk tashish yo‘lga qo‘yilishi kerak bo‘lgan «Xo‘jayli» va «Shovot» chegara o‘tkazish punktlari faoliyatini tiklash ustida ishlamoqda.
25 noyabr kuni Toshkent shahar Yangi hayot tumanining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Tarmoqda ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi munosabati bilan, tumandagi ayrim MFYlar, tadbirkorlik subyektlari, maishiy obyektlar va aholi iste’molchilari soat 11:00 dan 16:00 gacha vaqtincha ta’minotdan uziladi.
Iqtisodiy-ijtimoiy muammolarga duch kelayotgan, iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning kontraktlarini to‘lab bergan eng faol hokimliklar reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimligi eng ko‘p talabalarga moddiy ko‘mak ko‘rsatgan (242 nafar talaba — 662, mln so‘m).
Prezident raisligidagi yig‘ilishda 500 ming gektarlik tomorqalardan foydalanish uchun 100 mln dollar ajratilishi ma’lum qilindi. Shavkat Mirziyoyev aholi daromadini oshirish uchun har bir xonadonda kamida 100 ta parranda, quyon, qo‘y, echki, asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish uchun subsidiyalar, garovsiz kreditlar ajratiladi, har bir tumanda kooperatsiyalar tashkil etiladi.
Nukusda ijarada yashovchi talaba xonadondagi isitish qozoni otashxonasidan chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etganligi aniqlandi.
Yangi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov o‘qituvchilar va ota-onalarga murojaatini e’lon qildi. Unda u butun xalq kelajagiga daxldor sohaning ulkan mas’uliyatini ta’kidladi. «Bugun yechimi kechikayotgan har bir muammo ertaga falokatga aylanishiga shak-shubha yo‘q», — dedi vazir va barchani taklif va mulohazalarni yuborishga chaqirdi.
AKT vaziri Sherzod Shermatov ta’kidlashicha, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topish kerak. «Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur», — dedi u.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting