Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazish uchun iste’foga chiqdi. Bu vaqt ichida u Vazirlar Mahkamasining rahbari bo‘lib ishlaydi.
Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida 64 yoshli otaxonga oilali erkakka boshqa bir ayol bilan nikoh o‘qigani uchun 1 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi. U oldinroq ham ushbu qoidabuzarlikni sodir etgan va jarimaga tortilgan.
Hafta davomida O‘zbekistonga harorat me’yordan 5−8 darajaga ko‘p bo‘ladi. Havo harorati kechalari 14−17 daraja, kunduz kunlari 32−35 daraja, janubda va cho‘l hududlarida 37−38 darajagacha bo‘ladi.
Prezident aprel oyining so‘nggi haftasida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazadi. Uning matbuot kotibi ma’lum qilishicha, yana 3 ta taqdimot o‘tkazilishi hamda Xitoy Raisi Si Szinpin va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqoti ham reja qilingan.
O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov Osiyo chempionatida siltab ko‘tarish mashqida 241 kg toshni ko‘tarib, jahon rekordini o‘rnatdi.
AQSH prezidenti Jo Bayden Usmonli imperiyasida armanlarning ommaviy qirg‘in qilinganini rasman tan oldi. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li buni «siyosiy opportunizm» deb atadi. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bu qaror uchun Baydenga minnatdorchilik bildirdi.
Xayrulla Umarov Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u agentlik boshlig‘i birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga Parvoz mahallasini namuna qilib olib, Toshkent shahridagi barcha 524 ta mahallani shunday obod qilish bo‘yicha topshiriq berdi.
Tez kunlarda Toshkent xalqaro aeroportining ikkinchi qavatiga olib boruvchi, uzoq vaqt yopiq bo‘lgan estakadaning ochilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonlik harbiylar 19−24 aprel kulari AQSHning Missisipi shtatida o‘tkazilgan «Ilg‘or jangchi» musobaqasida g‘olib bo‘lishdi.
Bog‘doddagi koronavirus bemorlarini davolashga mo‘ljallangan kasalhonadagi kislorod saqlanadigan omborida portlash ro‘y berib, yong‘in yuzaga kelgan. 80 dan ortiq kishi halok bo‘lib, 110 kishi jarohat oldi.
27 apreldan Samarqand shahridagi barcha bog‘chalar va maktablar 14 kunlik karantinga yopiladi, o‘quvchilarga ta’lim berish tizimi onlayn shaklga o‘tkaziladi.
Hindistondagi kasalxonalar yotoq va kislorod tugaganligi sababli COVID-19 bemorlarini qabul qilishdan bosh tortmoqda. O‘liklar ko‘pligidan, ularning jasadlari ko‘chada yoqilmoqda. Kuniga 360 mingdan ortiq kishida virus aniqlanib, 3 ming kishi vafot etayotgani qayd etilgan.
Peshku tumanida ayol o‘z onasi bilan birga endi dunyoga kelgan farzandini 8 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. Fuqarolar chaqaloqni o‘zga bir fuqaroga kelishilgan narxda sotayotgan vaqtida qo‘lga tushgan.
«Oskar-2021» mukofotiga loyiq topilgan nominatsiya g‘oliblari taqdirlandi. «Nomadland» («Ko‘chmanchilar o‘lkasi») filmi eng yaxshi film deb topildi, unda asosiy rolni ijro etgan Frensis MakDormand eng yaxshi aktrisa bo‘ldi, eng yaxshi aktyor esa Entoni Xopkins («Ota» filmi) deb topildi.
«Qishlok kurilish banki» ning Sirdaryo filialida qalbaki 81 ming yevro miqdoridagi pullar aniqlandi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi reklama konstruksiyalari ommaviy ravishda buzib tashlanayotganiga izoh berar ekan, ularning yarmi talablarga javob bermasligini ma’lum qildi. Qo‘mita barcha tomonlarni qonun talablariga rioya qilishga chaqirdi. Tadbirkorlar esa tashqi reklama obyektlari demontaji, hukumat qarorida ko‘rsatilganidek, sud qaroridan so‘ng amalga oshirilishi lozimligini ta’kidlashmoqda.
Bosh prokuror Nig‘matulla Yo‘ldoshev vazirlik va idoralar bo‘ysinuvidagi tekshiruvchi organlarning mustaqilligini shubha ostiga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Energetika vazirligi qoshidagi inspeksiya ikki yil ichida o‘z tashabbusi bilan biror marta ham tekshiruv o‘tkazmagan, bir so‘mlik ham zararni aniqlamagan. Vaholanki huquqni muhofaza qilish idoralari ikki yil davomida 300 mlrd so‘mlik zararlarni aniqlagan.
Senatorlar o‘simlik yog‘i, kungaboqar, zig‘ir va soya urug‘i importiga QQSni bekor qilishni ma’qulladi. Bundan tashqari, kungaboqar va paxta yog‘i hamda ularning urug‘lariga eksport bojlari joriy etiladi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov soliq imtiyozlari sababli byudjetga 267 mlrd so‘mlik tushum bo‘lmasligini hamda yo‘qotish o‘rni qanday qoplanishini ma’lum qildi.
Bekor qilingan Yevropa Superligasi, OCHL o‘yinlarida O‘zbekiston jamoalari ishtiroki, Jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik bokschilar, Jahon chempionatiga chiqqan O‘zbekiston futzal terma jamoasi va boshqa eng muhim xabarlar — “Gazeta.uz” haftalik sport yangiliklari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting