Xitoyning Zhifei Longcom kompaniyasi tomonidan yaratilgan va O‘zbekistonga hammualliflik huquqi berilgan vaksina Oliy Majlisga taqdim etildi. Ma’lum qilinishicha, ushbu vaksinaning xavfsizlik darajasi 99% ni, immunogenlik esa 97% ni tashkil etadi.
Adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova o‘zbek tili yozuvining lotin alifbosiga o‘tish siyosiy motivlar sababli ro‘y berganini aytdi. «Buni hech kim rad eta olmaydi. Bugun ham o‘sha motivlar turibdi», — dedi u. Bundan tashqari, u lotin alifbosidagi 4 ta harfning o‘zgarishi texnik muammoni hal qilishini va savodga ta’sir qilmasligini ta’kidladi.
Toshkent shahrida YUNISEF tomonidan vaksinalarni tashish uchun ajratilgan mashinalar YTHga uchradi. 2 ta mashinaga texnik shikast yetgan va ularda vaksina bo‘lmagani ma’lum qilindi.
Jo Bayden AQSHda COVID-19 asoratlaridan vafot etgan 500 ming fuqaro xotirlash munosabati bilan besh kunlik motam e’lon qildi. U amerikaliklarni masofa saqlashga, niqob taqishga, shuningdek, vaksina bilan emlanishga chaqirdi.
Koronavirusga qarshi birinchi navbatda emlanadiganlar ro‘yxatida bo‘lgan shaxslar vaksinatsiya jarayonidan voz kechsa, ularga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi. «Faqatgina emlashning afzalligi tushuntiriladi. Lekin emlanish niyatida bo‘lmagan odamga ish faoliyatida hech qanday ta’sir choralari ko‘rilmaydi», — dedi bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev.
Prezident qaroriga ko‘ra, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi. Boshqarma mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanib, o‘z vakolatlari doirasida qo‘riqlash xizmatlari uchun tushadigan mablag‘lar hisobiga, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash tamoyili asosida amalga oshiradi.
O‘zbekistonda koronavirusga qarshi birinchi navbatda emlanadigan fuqarolar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqiladi. Bunga bolgerlar, OAV, transport xodimlari, mehnat migrantlari va xorijda tahsil olayotgan talabalar ham ushbu ro‘yxatga kiritilganidan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar sabab bo‘ldi.
Spotify musiqiy striming xizmati 85 ta yangi mamlakatga, shu jumladan O‘zbekistonga kirib kelishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Qurilish vazirligi Toshkent viloyatida turar-joy binolari, savdo majmuasi va bojxona terminalini noqonuniy qurayotgan kompaniyalar to‘g‘risida xabar berdi. Barcha ishlar bo‘yicha materiallar sudga yuborilganiga va ishlab chiquvchilar ma’muriy javobgarlikka tortilganiga qaramay, qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Jinoyat kodeksining yangi tahririda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Jumladan, davlat xizmatchilarining noqonuniy boyishi to‘g‘risida modda va nomoddiy foyda to‘g‘risida norma paydo bo‘ladi.
Farg‘ona viloyatida «MAN Trailer» avtomashinasi haydovchisi uxlab qolib, bir yo‘nalishda harakatlanayotgan «Nexia-2» bilan to‘qnashadi. YTH oqibatida 2 nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etdi. Yana biri tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
«Naqdlashtiruvchi firmalar» bilan vaziyatni o‘rganish doirasida soliq organlari mamlakat bo‘ylab 2534 ta korxonada kameral tekshiruvlarini o‘tkazdi. Natijada 2238 ta korxonada 498,9 mlrd so‘m miqdoridagi «soxta» operatsiyalar aniqlandi.
2022 yilda O‘zbekistonda U-23 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi. Avval bu musobaqani Xitoy o‘tkazishi kerak edi, ammo turli muammolarga ko‘ra bundan voz kechdi.
Yaponiya bosh vazirining o‘g‘li rasmiylar bilan ovqatlangani uchun kechirim so‘ragani, Boeing’ning aviakompaniyalarga 777 laynerida parvozlarni to‘xtatib qo‘yishni maslahat bergani, AQSHda koronavirusdan vafot etganlar soni 500 mingdan oshgani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Uzbekistan Airways kompaniyasiga transport vaziri Ilhom Mahkamov rahbarlik qiladi. Uzbekistan Airports kompaniyasi boshqaruv raisligiga esa Ra’no Jo‘rayeva tayinlandi. U bunga qadar turli yillarda S7 Space hamda «Roskosmos»ning Yer usti kosmik infratuzilmasi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish markazini boshqargan.
JSST koronavirus bilan kasallanib, uni yengib o‘tganlarga ham vaksina bilan emlanishni tavsiya qildi. Ta’kidlanishicha, bemor agar ushbu virus bilan oldin to‘qnash kelgan bo‘lsa, vaqsina immun tizimi javobini yanada kuchaytiradi. Shuningdek ta’kidlanishicha, hatto emlangandan so‘ng ham ehtiyot choralariga amal qilishda davom etish lozim.
Deputat Rasul Kusherbayev OTMga kirolmagan o‘quvchilar sababli maktab direktorlari ishdan olinishi «demagogiya ekanligi» va o‘qituvchilarning bunda aybi yo‘qligini ta’kidladi. «Bolaning tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lsa, o‘qishga kirishni xohlamasa ham biz o‘qituvchini ayblaymizmi?», — dedi deputat. Uning aytishicha, bunday talab qonunchilik yoki Mehnat kodeksida belgilanmagan.
O‘zbekiston besh oydan beri oltin eksport qilmagan, ya’ni mamlakat so‘nggi marta 2020 yil avgustida oltin sotgan. Yanvar oyida asosiy eksport sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari va kimyoviy moddalar bo‘ldi.
2021−2022 yillarda Jizzaxda avtomobil sohasida 277 mln dollarlik uchta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda ADM Jizzakh tomonidan yengil avtomobillar, ikkinchi bosqichda Jizzax avtomobil zavodi tomonidan Volkswagen tijoriy avtomobillari, uchinchi bosqichda esa Auto Motors Asia tomonidan tijoriy va yuk avtolarini ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov «erkin so‘z qanchalar erkin bo‘lmasin jamiyatning xotirjam rivojlanishiga xalaqit bermasligi kerak», degan fikrda. U «xalq ishonchi bilan vakolatga ega bo‘lgan hokimiyatga qarshi kurashishga chaqiradigan so‘z huquqbuzarlik sifatida baholanishi va jazolanishi zarur» ekaniga ishora qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting