Yevroparlament Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tganlik uchun jinoiy jazoni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi. Sanksiyani buzgan shaxslar besh yilgacha qamoq jazosiga, kompaniyalar esa jarimaga tortiladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan birining onasi bolalar ombudsmaniga murojaat qilgach, Gurlan tumanidagi maktabning ikki o‘qituvchisiga hayfsan, direktoriga esa ogohlantirish berildi. Tekshiruv o‘qituvchilarning bilim darajasi pastligini tasdiqladi.
13-mart kuni “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz berish boshlanadi. Fuqarolar mahalliy budjetning umumiy qiymati 3,02 trln so‘m bo‘lgan qismini taqsimlashda yo‘llar qurish, maktablarni ta’mirlash hamda jihozlash va boshqa loyihalar bo‘yicha 28 919 ta loyihadan biriga ovoz berish orqali ishtirok etishi mumkin.
Namanganda O‘zbekistondan Hindistonga sotish uchun noqonuniy ravishda oltin olib chiqishni rejalashtirgan ikki shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Musodara qilingan 30 dona tillaning og‘irligi 1 kilogramm 516 gramm, qiymati esa 1 milliard 400 million so‘mni tashkil etadi.
Farg‘ona shahridagi yashash xonadonida gaz portlashi sodir bo‘ldi, oqibatda uch nafar Hindiston fuqarosi — Farg‘ona tibbiyot instituti talabalari jarohatlandi.
“Navoiyuran” Xitoyning China Nuclear Uran kompaniyasi bilan birgalikda qora slanetsdan uran qazib olish niyatida. Xorijiy delegatsiya O‘zbekistondagi bir qancha uran konlarida o‘zlashtirish jarayonlari bilan tanishdi, konlardan namunalar olindi.
Surxondaryo viloyatining Angor tumani hokimi “Ayollar daftari” mablag‘lari hisobidan Captiva 5 mashinasini sotib olgani aytilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
UzAuto Motors Damas, Labo va Cobalt narxlarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror hali qabul qilinmaganini ta’kidladi. “Kontraktatsiya jarayoni olib borilmayotganini inobatga olib, chevrolet.uz saytidagi narxlar 2024-yilning 4-choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqilgan”, — deyiladi xabarda.
O‘zbekistonda tadbirkorlik sohasidagi agentlik va jamg‘armalar o‘rniga Savdoni rivojlantirish kompaniyasi tashkil etiladi. U chet eldan mutaxassislar jalb etib, eksportchilar yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish, milliy brendlarni xorijda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.
UzAuto Motors kompaniyasi Chevrolet Cobalt, Damas va Labo avtomobillari narxini 3,5−6,7 foiz oralig‘ida oshirdi. Kompaniya, shuningdek, bosqichma-bosqich dilerlarga keyinchalik sotish uchun avtomobil sotib olish imkonini beradigan “rivojlangan mamlakatlarda qabul qilingan sotuv tizimi”ni joriy qiladi.
Elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar, jumladan, Meta, Google, Apple, Netflix O‘zbekistondagi daromadlarini ikki barobarga oshirib, 635 mlrd so‘mga yetkazdi. 2023-yilda ular 2022-yilga nisbatan 1,5 barobar ko‘p soliq to‘ladi.
O‘rta Chirchiq tumanida temiryo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan 31 yoshli erkakni poyezd urib yubordi. Oqibatda u voqea joyida halok bo‘ldi. Marhum farzandli bo‘lgani uchun ayolini tug‘ruqxonadan olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rgani ketayotgan bo‘lgan.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonda mualliflik huquqi ishlamasligi tufayli san’atkorlar to‘ydan manfaatdor bo‘layotgani va to‘y uchun ijod qilayotganini aytdi. “Mualliflar o‘z huquqini tanishi — eng katta yechim, bu sohani tezroq ishlashiga sabab bo‘ladi”, dedi u.
Navro‘z bayrami munosabati bilan Toshkentdan Nukus, Buxoro, Urganch, Farg‘ona va Namanganga qo‘shimcha aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Oltinko‘l tumanida maktab yonidagi oshxonada yong‘in sodir bo‘ldi. Uni o‘chirishga 6 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etildi. Hodisa oqibatida binoning 85 kvadrat metr tom qismi zararlangan, tan jarohati olganlar bo‘lmagan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “O‘quv ta’lim-ta’minot” muassasasining “Bir million dasturchi” loyihasida budjet puli o‘zlashtirilgan bo‘lishi mumkin. Tashkilot bilan shartnoma tuzgan korxona kerakli elektron qurilmalarni yetkazib bermay, 919 mln so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.
1-maydan Sirdaryo daryosi o‘zanidagi noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. Bundan tashqari, noqonuniy qazib olish ishlari natijasida tabiatga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xorijlik xonandalarning O‘zbekistondagi konserti tadbirkorlar tomonidan tashkil etilishini aytdi. U rossiyalik qo‘shiqchilarning O‘zbekistonda konsert berishi haqida gapirarkan, “ular uchun dunyoda maydonlar qisqarib ketdi, shu sabab bo‘sh maydon qidirishga mahkum”, dedi u.
Nyu-York shahrida Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi BMT Ayollar holati bo‘yicha komissiyasining sessiyasida qatnashmoqda. Tashrif davomida tashkilot tuzilmalari rahbarlari, prezidentlar va hukumat rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi ham reja qilingan.
Yangihayot tumanidagi ko‘p qavatli uy qurilishida ishlayotgan 23 yoshli yigit boshiga 14-qavatdan qolip tushib ketishi oqibatida vafot etdi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting