O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 2,37 mlrd dollarga qisqarib, 32,2 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yil sentabridan beri eng kam ko‘rsatkich. Oltinning fizik hajmi o‘zgarmagan, ammo oltin va valyuta zaxiralarining qiymati pasaygan. Mablag‘lar hisobidan 500 mln dollarlik yevrobondlar so‘ndirilgan.
O‘zbekistonlik diplomatlari va Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirligi boshqarmasi boshlig‘i Luis Kolvell o‘rtasidagi muzokaralarda Britaniya tomoni O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi qadamlarini olqishlab, bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.
Milliy gvardiya axborot xizmati 6−8-fevral kunlari darslarga 188 ming o‘quvchi sababsiz kelmaganini aniqladi. Shuningdek, inspektor-psixolog va mahalla yettiligi ko‘rayotgan chora-tadbirlar sabab o‘quvchilar davomati ijobiy tomonga o‘zgarayotganini, hozir davomat 97,7 foizga yetganini ma’lum qildi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov tarmoqlarda nomaqbul harakatlar qilayotgan san’at vakillariga chora ko‘rish haqidagi savolga munosabat bildirdi. U “vazirlik bog‘cha opa emasligi, nazorat qilish demokratik normaga tushmasligi”ni aytdi. “Ularga chora ko‘rsak, liberal taraf mutlaq norozi bo‘ladi”, — dedi u.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi O‘zbekistonda taqiqlangan ozdiruvchi mahsulotlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ularda kuchli ta’sir qiluvchi sibutramin moddasi mavjudligi aniqlangan.
2023-yili O‘zbekiston Rossiya tabiiy gazini 1000 kub metri uchun 160 dollardan sotib oldi, deya xabar bermoqda “Kommersant’”. Bu narx Turkiya va Xitoyga sotilayotgan Rossiya gazi o‘rtacha narxidan past.
17-mart kuni Bokudagi Haydar Aliyev markazida “Choklardagi meros: O‘zbekiston kashtachilik va tikuvchilik an’analari bo‘ylab sayohat” ko‘rgazmasi ochiladi. Unda XIX asr oxiri — XX asr boshlariga oid 150 ga yaqin amaliy san’at namunalari namoyish etiladi.
Energetika vazirligi gaz bosimining normallashishi tufayli 8-martdan boshlab elektr energiyasi yetkazib berishdagi cheklovlar bekor qilinganini ma’lum qildi. Issiqlik elektr stansiyalari elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun ko‘proq gaz va kamroq ko‘mir hamda mazutdan foydalandi.
Shofirkon tumanida salkam ikki yil davomida bolasini qiynoqqa solib kelgan ayolga qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bo‘yicha qo‘shimcha ayblov e’lon qilindi. U farzandini beshikka bog‘lagan holda tayoq va boshqa jismlar bilan kaltaklagan.
Hafta davomida beqaror ob-havo saqlanib turadi, aksariyat hududlarda yomg‘ir yog‘adi. Chorshanbadan respublika hududiga sovuq havo massalari kirib keladi va harorat kechasi 0…+5, kunduzi +3…+8 darajagacha pasayadi. Joylarda shamol kuchayishi, yomg‘ir qorga aylanishi ham mumkin.
Gazli Gas Storage kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik gaz ombori bo‘lgan “Gazli”ning operatori ta’sischilari o‘zgarganiga izoh berdi. “Baxtiyor Fazilov restrukturizatsiyadan keyin ham asosiy benefitsiar bo‘lib qolmoqda. Kompaniya hech qachon sanksiya ostidagi shaxslarga tegishli bo‘lmagan”, — deyiladi bayonotda.
Artel O‘zbekiston Professional futbol ligasining titul homiyligini e’lon qilib, va shu bilan mamlakatda futbol rivojiga o‘z hissani qo‘shish istagini bildiradi.
Komiljon Mullajanov Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga hokim bo‘ldi. Shuningdek, Abduraxim Umarov viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
AQShda 96-Oskar taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Eng yaxshi film nominatsiyasida kutilganidek “Oppenhaymer” g‘olib bo‘ldi. Eng yaxshi aktyor Killian Myorfi bo‘lgan bo‘lsa, eng yaxshi aktrisa deb Emma Stoun topildi. G‘oliblar ro‘yxatini taqdim etamiz.
Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik erkak xotinini pichoqladi. U politsiyaning pichoqni tashlash to‘g‘risidagi talabiga bo‘ysunmagach, otib o‘ldirildi. Ayol hozirda shifoxonada va u erining vafotidan xabardor emas.
Navro‘z bayrami arafasida Toshkentdan Samarqand va Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha qatnovlari amalga oshiriladi.
Toshkent shahrida 10-martdan boshlab taroveh namozi o‘qiladigan vaqtda — soat 19:00 dan 00:00 ga qadar masjidlar yaqinidagi yo‘llar yopiladi. Ro‘yxat.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov “Yoshlar ko‘li” hududini ko‘p qavatli uy, mehmonxona, restoran va savdo majmuasi qurish uchun xususiy korxonaga berish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi.
O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Pragadagi superturnirda muddatidan avval g‘olib chiqdi va onlayn reytingda dunyoning eng kuchli shaxmatchilari orasida 4-o‘rinni egalladi. Shaxmat murabbiyi Georgiy Shvanov ushbu muvaffaqiyat va u ochayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi.
O‘zbekistonlik professional bokschi Isroil Madrimov ilgari mag‘lubiyatga uchramagan rossiyalik Magomed Qurbonovni muddatidan oldin mag‘lubiyatga uchratib, WBA chempioni unvonini qo‘lga kiritdi. Madrimov o‘rta vazn toifasida boshqa kuchli bokschilar va jahon chempionlari bilan boks o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting