Birlashishini e’lon qilgan Uzum va Click to‘lov tizimi, Nukus ishi bo‘yicha navbatdagi sud hukmi, partiyalardan prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlari, rekonstruksiya qilinadigan Chorsu va Eski juva dehqon bozorlari, elektr ta’minotidagi uzilish sababi va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Intermed Innovation O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining ayblovlarini asossiz, litsenziyani bekor qilish bo‘yicha sud jarayonini esa noqonuniy deb atadi. Tibbiyot muassasasi SSV rahbari o‘rinbosarining “noxolis xatti-harakati”ni manfaatlar to‘qnashuvi bilan izohlash mumkinligini taxmin qilmoqda.
“Odnoklassniki.ru” sahifasida taqiqlangan diniy ma’ruzaga “klass” bosgan navoiylik ayolga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. 57 yoshli ayol bu harakatni 5 yil oldin Turkiyada muhojir bo‘lib ishlab yurgan paytda sodir etgan.
Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod Abdushukur Xamzayev saylovoldi dasturida 2030-yildan boshlab, 2009-yildan keyin tug‘ilganlarga sigaret sotishni ta’qiqlash, chiqindilardan energiya manbai sifatida foydalanish, 100 yoshdan oshgan daraxtlarga tabiiy yodgorlik maqomini berish kabi masalalar o‘rin olgan.
“Toshkent” respublika fond birjasining qarori bilan “Xalq banki” ATBning aksiyalari birjaga chiqarildi. Bank davlat ulushi xalq IPO`si orqali sotiladigan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgandi.
Ekologiya vazirligi “Surxon” davlat qo‘riqxonasida noyob turdagi morxo‘r va Buxoro tog‘ qo‘ylarining birgalikda yurgan kadrlarini e’lon qildi.
Mirobod tumani hokimi sifatida ishlab kelgan Shuxrat Pulatov “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Toshkent shahri filiali bosh direktori etib tayinlandi. Agzam Izbosarov esa “HET” boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari bo‘ldi.
2019−2022-yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri bo‘lgan Boris Jonson pandemiya davridagi ziyofat tergovi tufayli deputatlikdan iste’foga chiqishini ma’lum qildi.
“Adolat” partiyasidan prezidentlikka nomzod Robaxon Mahmudova sud qarorlarini ijro qilish vakolatini prokuratura va ichki ishlar organlaridan adliya idoralariga berish, yagona Tergov qo‘mitasini tuzish, bolalarga bepul stamotologiya xizmati ko‘rsatilish kabi masalalarni o‘z saylovoldi dasturiga kiritdi.
Markaziy bank pul birligining denominatsiya qilinishi, ya’ni 1:10 000 nisbatda yangi pul belgilariga almashtirilishi haqidagi xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi.
XDPdan prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatov eng kam iste’mol xarajatlarini qonun darajasida belgilash, kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish, “maktab solig‘i”ni joriy etish kabi masalalarini o‘z saylovoldi dasturida ilgari surdi.
Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskoni 86 yoshida Milandagi shifoxonada vafot etdi. Avvalroq siyosatchiga leykemiya tashxisi qo‘yilgandi.
Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston rahbari Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqotda O‘zbekiston tomoni Abay viloyatidagi o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Tailanddagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik velosportchilar yakkalik va guruh bahslarida yana beshta medalni qo‘lga kiritdi.
11 millionga yaqin foydalanuvchiga ega Click to‘lov tizimi Uzum ekotizimining bir qismiga aylanadi. Birlashish natijasida Click foydalanuvchilari, jumladan, chekka hududdagilar bozor va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Qozog‘istonning Abay viloyatida o‘rmon yong‘inlari oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi. Mamlakatda 12-iyun milliy motam kuni deb e’lon qilindi. Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan qo‘shni davlat prezidenti va xalqiga hamdardlik bildirdi.
Dam olish kunlari harorat biroz pasaygan bo‘lsa, yangi haftada asta-sekin ko‘tarilib, +40…+42 darajagacha yetadi, bu davrning iqlimiy qiymatlaridan yuqoridir. Faqat Farg‘ona vodiysining ayrim hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
2022-yilda Rossiyada mehnat migranti bo‘lib ishlagan Yakkabog‘ tumanida yashovchi fuqaro jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblanib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Poytaxtning Chorsu va Eski juva bozorlari 2023-yil oxirigacha tartibga keltirilib, turistik jozibadorligi oshiriladi. Bunda zamonaviy savdo rastalari va ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish, irrigatsiya tarmoqlarini yangilash va binolarni milliy arxitektura asosida rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda.
Dushanba kuni ta’mirlash ishlari sabab Toshkent shahrining Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarining ba’zi joylarida soat 17:00 gacha elektr energiyasi ta’minoti to‘xtatildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting