Tijorat banklari 12-iyun kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 365−11 420 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 440−11 490 so‘m.
Oltinsoy tumanida ferma raisi 8 tup eldor qarag‘ayi daraxtini fuqaroga 5 mln so‘mga baholab, kesish uchun sotib yuborgani aniqlandi. Buning oqibatida tabiatga 550 mln so‘mdan ortiq zarar yetkazildi.
Qoraqalpog‘istonning Quyi Amudaryo biosfera rezervatida Buxoro bug‘usini noqonuniy ovlagan brakoner qo‘lga olindi. Xalqaro va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan jonivorni ovlash oqibatida tabiatga 99 mln so‘m zarar yetkazildi.
Zangiota tumanida yo‘lning qarama-qarshi tarafiga chiqib ketib, Damas bilan to‘qnashgan Spark haydovchisi halok bo‘ldi. Tarmoqlarda mazkur YTH oqibatida 8 kishi vafot etgani aytilgandi, biroq ma’lumot tasdig‘ini topmadi.
DXX xodimlari tomonidan 1 kilogramdan ziyodroq og‘irlikdagi 999 probali oltin bo‘laklari va 838 gramli yoqut toshining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Ularning umumiy narxi 1,27 mlrd so‘mdan oshadi.
Obidjon Qudratov qayta nomlangan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi rahbariga birinchi o‘rinbosar, Jusipbek Kazbekov esa o‘rinbosar etib tayinlandi.
Buxoroda savdo rastasi oldida savdolashib turgan 65 yoshli ispaniyalik erkak hushidan ketib, vafot etdi. Holat bo‘yicha shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.
Chinoz tumanida Xovos-Toshkent yo‘nalishida harakatlangan elektropoyezd 36 yoshli ayolni bosib ketdi. Transport prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, ayol epilepsiya kasalligiga chalingani va bir necha marta uyidan chiqib ketib qolgani aniqlangan.
O‘zbekistonda keskin issiq ob-havo sababli poyezdlar harakati tezligiga cheklovlar joriy etiladi. Bu paytda poyezdlar sovitish tizimining ishlash quvvati ham pasayishi mumkin.
Turkiyaning Isparta shahrida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada Mudofaa vazirligining merganlar jamoasi 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘zbekistonlik harbiylar qiyalikka qarab jang olib borish, zararlangan hududda gazniqob taqib, nishonlarni mo‘ljalga olish kabi shartlarda rekord natijalarni qayd etgan.
“Manchester Siti” UEFA Chempionlar ligasi finalida “Inter”ni mag‘lub etib, o‘z tarixida ilk bor kubokni qo‘lga kiritdi. Xosep Gvardiola jamoasi, shuningdek, “trebl” qayd etdi.
Uchtepa tumanidagi maktabda o‘quvchi va o‘qituvchi janjallashdi. Oqibatda o‘quvchining 17 yoshli akasi ustozni kaltakladi. Tekshiruv ishlari ketmoqda. Holatni vazir nazoratga olgan.
Chilonzor IIBning 4-qavatidan sakrab vafot etgan 21 yoshli yigitning o‘limi bilan bog‘liq holat yuzasidan Jinoyat kodeksining hokimiyat harakatsizligi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Qonunchilik palatasi deputatlari Aziz Abduhakimov nomzodini ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri lavozimiga ma’qulladi.
O‘zbekiston SSV Intermed Innovation xususiy klinikasining litsenziyasini sud orqali bekor qildirdi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya Chirchiq shahridagi 3-oilaviy poliklinika binosida litsenziyasiz tibbiy faoliyat olib borgan, shuningdek, ko‘rsatmalarga amal qilmagan.
Olmaliq shahrida 14 yoshli bola velosipedda ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan va boshi yo‘l chetidagi beton elektr tayanchi teshigiga kirib qolgan. FVV qutqaruvchilari unga yordam ko‘rsatdi, ahvoli yaxshi ekani bildirildi.
Toshkent shahrining Mirobod, Yashnobod va Yunusobod tumanlarining ayrim qismlarida ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan soat 17:00 ga qadar elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi. Sergeli tumanida nosozlik tufayli uzilishlar yuz berdi.
Rimda o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha Gran-pri musobaqasida Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shu tariqa 8 yillik tanaffusdan so‘ng o‘zbekistonlik taekvondochilar Gran-pri musobaqasida yana g‘olib bo‘ldi. Nikita Rafalovich esa kumush medalga ega chiqdi.
Qulupnay-yalpizli limonad, moxito, ice tea, muzdek qahva, kompot va boshqalar — Zira.uz jazirama kunlarda barchaga rohat bag‘ishlovchi yaxna ichimliklar ro‘yxatini taqdim etadi.
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovini kuzatish uchun missiyasini ochdi. Ekspertlar saylovning xalqaro standartlar va milliy qonunchilikka muvofiqligini baholaydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting