Kasbi tumanida er-xotin hamda ularning 5 va 3 yoshli farzandlari zaharlanib vafot etdi. O‘limga qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish pechidan chiqqan is gazi sabab bo‘lgan.
Dekabr oyida faollik sezilarli darajada pasayganiga qaramay, 2022 yilda O‘zbekistonda avtomobil savdosining rekord darajada o‘sishi qayd etildi. Yil davomida sotuvlar soni 87 foizga oshib, 1,4 million avtomobilni tashkil etdi.
Toshkent viloyatida 24 yoshli fuqaro «Tez yordam» xodimini kaltakladi. U chaqiruvga ayol hamshira kelmagani uchun janjal ko‘targan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatlarni Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistonda 300 dan ortiq bola o‘limiga sabab bo‘lgan siroplarga qarshi kurashishga chaqirdi. O‘zbekistonda «Dok-1 Maks» siropidan kamida 20 nafar bola vafot etgan.
O‘zbekistonda paxta yetishtirishni yaxshilash maqsadida mineral o‘g‘itlarga bojxona imtiyozlari yana 3 yilga uzaytirilishi mumkin. QQSni o‘z vaqtida to‘lamagan fermerlarning penyalari hisobdan chiqariladi. Qolaversa, paxta maydonlarini nasos bilan sug‘organlarga elektr xarajatlarining 50 foizi davlatdan qoplanadi.
Qirg‘iziston aholisi uchun elektr energiyasi narxi 2023 yilning may oyidan boshlab 30 foizga oshadi, dedi prezident Sadir Japarov. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar bu bajarilmasa, mamlakat energetika sanoatini abadiy yo‘qotish xavfi bor.
Sog‘liqni saqlash vazirligi hududlarga tez tibbiy yordam xizmati uchun 110 ta Volkswagen Caddy mashinasini topshirdi. Shu paytga qadar «103» xizmatida 2938 dona avtomobil xizmat ko‘rsatib kelgan.
Zomin tumanida fuqaro xonadonida bo‘rini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotgani aniqlandi. Unga nisbatan 3 mln so‘m jarima belgilandi. Ayni paytda bo‘rini tabiat qo‘yniga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 26−27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan Qirg‘izistonda bo‘ladi. O‘zaro savdoni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi dasturlarini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yangibozor tumanida haydovchilik guvohnomasi yo‘q mast fuqaro Damas avtomobilini boshqarib ketayotganda piyodani urib ketdi. Oqibatda piyoda olgan jarohatlari sabab vafot etdi.
Toshkent shahri Mirobod tumanida joylashgan Bosh prokuratura akademiyasi bino va inshootlari auksionga chiqarildi. Lotning boshlang‘ich narxi 171,5 mlrd so‘m, bo‘nak puli (zakalat) esa 8,5 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Qarshi shahrida Nexia-3 haydovchisi piyodani urib, voqea joyidan qochib ketdi. Yo‘lovchi shifoxonaga yotqizildi. YTHni Kasbi tumanida yashovchi fuqaro sodir qilgani aniqlandi.
Tijorat banklari 24-yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 240 — 11 345 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 365 so‘m.
Namanganda YPX avtomobilida tug‘uruqxonaga olib ketilayotgan ayol qiz farzand ko‘rdi. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy yordam sabab ona-bolaning salomatligiga hech qanday ziyon yetmadi.
Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari muddatining ma’lum qilingani, Xitoyda bir haftada qariyb 13 ming kishining koronavirusdan vafot etgani, Nursulton Nazarboyevning yurak jarrohlik amaliyotidan so‘ng shifoxonadan chiqqani va boshqalar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
O‘zbekistonda 1991 yilgacha qurilgan 31 mingta ko‘p qavatli uyning fasad qismi bazalt qoplamaga o‘tkazilib, muqobil energiya manbalari hisobiga issiq suv va elektr bilan ta’minlanadi. Yangi quriladigan uylarga energiya samaradorligi yuqori qurilish materiallari va jihozlaridan foydalanish majburiy bo‘ladi.
Qozog‘istonda sobiq McDonald’s restoranlari qayta ochildi, ammo nomsiz holda. Peshlavhalarda rus tilida yozilgan «Biz ochiqmiz» so‘zlaridagi «M» harfi esa sariq rangga bo‘yalgan bo‘lib, avvalgi logotipni eslatadi. Taomlar assortimenti va ta’mlari o‘zgarmagan.
VeoliaToshkentda sifatsiz issiqlik ta’minoti uchun to‘lovni mustaqil ravishda qayta hisoblab chiqadi. Biroq agar isitish yoki issiq suv bilan bog‘liq muammolar uy ichidagi infratuzilma bilan bog‘liq bo‘lsa, unda qayta hisoblash bo‘lmaydi, deya ogohlantirdi kompaniya.
Statistika agentligi davlatlar o‘rtasidagi statistik ma’lumotlardagi tafovutlarni «normal va tabiiy» deb atadi. Bu tovar nomenklaturasi kodlarini belgilashga yondashuvlar bilan tovarlarning bojxona qiymatini baholashning o‘ziga xos xususiyatlari va tovarlarni hisobga olish vaqtlaridagi farq bilan bog‘liq.
O‘zgidromet ma’lum qilishicha, 23 yanvar ertalab Toshkentdagi hisoblagichlar havoning yuqori darajada ifloslanganini (jahon AQI reytingida 1-o‘rin) ko‘rsatdi. Zararli ifloslantiruvchi moddalarning mavjudligi ruxsat etilgan chegaralardan oshmadi, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting