Tojikistonda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik futbolchilar ketma-ket ikkinchi bor musobaqa g‘olibiga aylandi. O‘zbekiston ayollar jamoasi hal qiluvchi bahsda Eron ayollar MTJsini 1:0 hisobida mag‘lub etdi — foto, video.
Qoraqalpog‘istonda tugatilgan favqulodda holat, oltin-valyuta zaxiralari oshgan O‘zbekiston, chet tilidan ijodiy imtihon sanalari, daraxtga osilgan holda topilgan ohangaronlik erkak, psixotrop moddalarni ko‘p iste’mol qilayotgan yoshlar, Nukusdagi o‘lik itlar va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida favqulodda holatning amal qilishini 21 iyuldan tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Toshkent metropolitenining yer usti uchastkalarida relslar 65 darajagacha qizigani sababli chorshanba kuni poyezdlar tezligi 25 km/soatgacha pasaytirildi. Poyezdlar harakat jadvalini me’yorda saqlash maqsadida «Chilonzor» yo‘nalishining yer osti yo‘li qismida poyezdlar tezligi 40 km/soatga tushirildi.
Shri-Lankaning yangi prezidenti etib sobiq bosh vazir Ranil Vikramasingxe saylandi. U 134 ta, raqibi esa 82 ta ovoz oldi.
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari iyun oyida qariyb 180 mln dollarga oshib, 35,58 mlrd dollarga yetdi. Zaxiralarning ko‘payishi oltin narxi pasayishi fonida sodir bo‘ldi.
23 — 26 iyul kunlari barcha hududlarda 6 ta OTMning tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladi.
Dushanba kuni Urgutdagi to‘yxonada 56 yoshli ayol ovqatdan zaharlanib, shifoxanaga yotqizildi. Qolaversa, u bilan birga yana 10 kishi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Ularning barchasiga «ovqat toksikoinfeksiyasi» tashxisi qo‘yildi. Urgut tumani prokuraturasi vaziyatni o‘rganmoqda.
Adliya vazirligi notariuslarga ham nikohni ro‘yxatdan o‘tkazish huquqini berish tashabbusi bilan chiqishni rejalashtirmoqda. Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning ishontirishicha, «notariuslar ikki tomonning xohish-irodasini tasdiqlab, shahodatlay oladi».
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 17,55 so‘mga arzonlab, 10 908,00 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham pasaydi, rubl esa yana ko‘tarildi.
Poytaxt hokimligi profilaktik chora-tadbirlarga qaramasdan shaharda jinoyatchilikni jilovlash qiyin kechayotganini ma’lum qildi. Jumladan, 6 oy davomida 10381 ta jinoyat sodir etilgan. Qolaversa, 5436 nafar fuqaro tilanchilik va 19 749 nafar fuqaro daydilikda gumonlanib, profilaktik suhbatdan o‘tkazilgan.
Ohangaron tumanida 26 yoshli erkak yo‘l chetidagi daraxtga osilgan holda topildi. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga bo‘yin qismi sirtmoq bilan siqilishi sabab bo‘lgan, marhumning tanasida boshqa tan jarohatlari aniqlanmagan. Prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi O‘zbekiston prezidentiga murojaat yo‘llab, favqulodda holatni yumshatishni so‘radi. Avvalroq «Yangi O‘zbekiston» gazetasi murojaatda aybsiz fuqarolarni, xususan, yoshlarni afv etish so‘ralgani haqida yozgandi, biroq, oradan vaqt o‘tib xabar tahrirlandi.
Poytaxtda yoshlar orasida tramadol va boshqa psixotrop moddalarni iste’mol qilish holatlari juda ko‘paygan, deya ta’kidladi Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Murodilla Aliqoriyev. Uning so‘zlariga ko‘ra, dorilar asosan mamlakatga aylanma yo‘llar orqali kirib kelmoqda va «qora bozor» da sotilmoqda.
Jazirama issiq kunlar boshlangan 17 iyuldan 20 iyulga qadar tez tibbiy yordam xizmatiga 130 mingdan ko‘proq chaqirik kelib tushgan. Murojaatchilarning aksariyati qon bosimi ko‘tarilishi, nafas yetishmovchiligi, astma xurujlari va boshqa surunkali kasalliklardan shikoyat qilgan.
Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi insholar tanlovini o‘tkazmoqda. G‘oliblar smartfonlarga ega bo‘lishadi.
Madaniy meros agentligi Surxondaryo viloyatidagi «Xo‘jayikon» tuz g‘oridan Sherobod tuman tibbiyot birlashmasi hujjatlarsiz foydalanib kelayotganini ma’lum qildi. Tuz g‘ori 2019 yilda Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan.
Haftaning ikkinchi yarmida Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryoda havo harorati 47 darajagacha, Toshkentda esa 45 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Farg‘ona vodiysida esa harorat pastroq bo‘ladi, So‘x, Shohimardon, Isfayramsoy daryolaridan muzli sel kelishi mumkin.
2022-yilda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan yozgi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari yana bir yilga qoldirildi.
«Mehr va Oqibat» jonivorlarni himoya qilish jamiyati Nukusda kuchuk va mushuklarning ommaviy o‘ldirilayotgani haqida ariza kelib tushganini ma’lum qildi. O‘ldirilgan hayvonlarning og‘zi va panjalari sim bilan bog‘langan holda ekanligi aytilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting