Rossiyaning Ukrainadagi 10 kunlik harbiy harakatlari davomida mamlakatni 1,5 mln qochqin tark etdi. BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari bu ikkinchi Jahon urushidan beri Yevropada eng tez o‘sayotgan migratsiya inqirozi ekanligini ma’lum qildi.
Pragada o‘tgan dzyudo bo‘yicha Yevropa ochiq chempionatida eng og‘ir vazn toifasida 19 yoshli O‘tkirbek To‘raboyev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Rahimjon Subhonov (-66 kg) bronza medaliga ega chiqdi.
6−7 mart kunlari Polshaning Katovitse aeroportidan yana 674 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi. Polsha hududida O‘zbekistonning 350 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. 7 mart kuni yana bitta reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.
DXX fuqaro “Olmaliq KMK” ishchilari bilan kelishib, kiyim almashtirish xonasiga tarkibida 117,5 mln so‘mlik qimmatbaho metallar bo‘lgan 4,4 kg sanoat qumlarini yashirib qo‘yganini aniqladi. Gumondorning o‘zi kombinatning qo‘riqlash xizmatiga ishga kirish uchun suhbatga kelgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jahon bankining yangilangan prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 25% ga qisqarishi kutilmoqda. Mazkur tendensiya Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar sabab Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi va rubl kursining keskin qulashi bilan izohlangan. O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 21% ga qisqarishi kutilmoqda.
Toshkent ko‘chalaridan biriga Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi berilishi kutilmoqda. Mazkur nom ostidagi ko‘cha avval ham bo‘lgan, u 2011 yilda Zarafshon ko‘chasi etib o‘zgartirilgandi.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Ukrainaning Sumi, Xarkov viloyatlari hamda «Nexoteyevka» neytral hududida bo‘lgan 12 nafar yuk tashuvchini Rossiyaga kirishida yordam ko‘rsatdi. Yana 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi 4 ta yuk mashinasida Ukraina chegarasi chizig‘idan uzoqroq masofada qolib ketdi.
Polkovnik Orinbayev Amanbay Tleubayevich Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlandi. Tayinlovga qadar Amanbay Orinbayev IIV JXD Probatsiya xizmati boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Rossiyaning Smartavia va iFly aviakompaniyalari O‘zbekiston shaharlariga parvozlar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Jumladan, iFly 5 martdan boshlab kompaniya mamlakatga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha barcha rejali reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatadi. Bekor bo‘lgan reyslarda uchishni rejalashtirganlarga chipta xarid qilgan aviakassalariga murojaat qilishlari tavsiya etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat va jamiyat hayotida faol bo‘lgan bir guruh ayol-qizlarni turli unvon, orden va medallar bilan mukofotladi. Ular orasida tadbirkor, o‘qituvchi, san’at sohasi vakillari, hokim va prokuror lavozimida faoliyat yuritayotgan ayollar bor. Shuningdek, 28 nafar ayol-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
28-fevraldan 5-martga qadar Ukrainadan Polsha orqali jami 3 685 nafar o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi. Polsha hududida 850 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qolayotgani aytilmoqda.
Visa va Mastercard xalqaro to‘lov tizimlari Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatishlarini e’lon qildi. Agar ushbu tizimlarning kartalari Rossiyada chiqarilgan bo‘lsa, ular faqatgina mamlakat hududida ishlaydi. Biroq boshqa mamlakatlarda va xorijiy onlayn do‘konlarda ishlamaydi. Shuningdek, Rossiyadan tashqaridagi banklar chiqargan kartalar ushbu mamlakatda qabul qilinmaydi.
Toshkentda jamoatchilik vakillari ham a’zo bo‘lgan Yo‘l harakati xavfsizligi komissiyasini tuzish rejalashtirilmoqda. Birinchi o‘rinda Vision Zero (nol o‘lim) konsepsiyasi asosida YTHlarda jarohatlanish va o‘lim holatlarini kamaytirish bo‘yicha dastur qabul qilinadi. Yagona organ — Yo‘l harakatini tashkil etish markazini tuzish ham ko‘zda tutilgan.
Rossiyaning «Aeroflot», S7 Airlines va Smartavia aviakompaniyalari xalqaro reyslar to‘xtatilganini ma’lum qildi. Ular bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonnning bir qator shaharlariga parvozlarni amalga oshirar edi.
5 martga qadar 14 ta aviareys bilan 3245 nafar o‘zbekistonlik Polsha orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi. Diplomatlar jang ketayotgan hududlardan ham fuqarolarni olib chiqishga harakat qilmoqda. Jumladan, hozirda Sumi viloyatidan 25 nafar talabani evakuatsiya qilish uchun «yashil yo‘lak» ochish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Ukrainadan Polsha chegarasiga kiraverishda uch nafar o‘zbekistonlik yo‘l transport hodisasiga uchradi. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanovning ma’lum qilishicha, ulardan biri vafot etgan, qolgan ikki nafari esa Lvovdagi shahar kasalxonasiga yotqizilgan.
Antikorrupsiya agentligi Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar 33 nafar fuqaroni «Yo‘lchilar», «Ko‘kpatas» va «Ko‘kayaz» mahallalarida 3 yil davomida yashaganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ulardan 25 nafari OTMga davlat granti asosida kirishiga sababchi bo‘lganini ma’lum qildi. Davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgani uchun mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Rosselxoznadzor 2020 yildan beri amalda bo‘lgan taqiqni bekor qilib, Rossiyaga 9 ta davlat qatorida O‘zbekistondan ham pomidor va qalampirni olib kirishga ruxsat berdi.
Toshkentda «Umidani chaqiring» ijtimoiy loyihasiga start berildi. Bu ibora bilan ko‘cha ta’qibiga uchragan har qanday qiz yoki ayol ovqatlanish shoxobchalari, do‘konlar va boshqa muassasalarga yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkin. Loyiha BMT taraqqiyot dasturining tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda.
Kattaqo‘rg‘on shahrida kuzatilgan kuchli shamol tufayli Madaniyat va istirohat bog‘idagi «Madaniyat markazi» hamda «Go‘zalkent» mahallasidagi turar-joy binolarining tomi qulab tushdi. Buning oqibatida avtomobillarga ham zarar yetgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting