«Yangi Namangan» shaharchasi qurilishining ikkinchi bosqichida 20 ming xonadonga ega 171 ta ko‘p qavatli uy barpo etish rejalashtirilmoqda. Prezident uylarni zilzilaga bardoshliligi va sifatini ta’minlash, ularning loyihasi yuzasidan aholining fikrlarini tinglash bo‘yicha topshiriq berdi. Qolaversa, viloyatda «Yangi O‘zbekiston» bog‘ini qurish ishlari ham boshlab yuborilgani aytildi.
O‘zgidromet 11−15 mart kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi tufayli 9 ta viloyatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelish xavfini e’lon qildi. Aholi va haydovchilardan ehtiyot choralariga amal qilish so‘ralmoqda.
Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida 10 daqiqalik otishma yuzaga keldi. Buning oqibatida Tojikiston tomonidan bir chegarachi halok bo‘ldi, ikki nafari yaralandi.
Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimovga tegishli bir nechta kvartira va qasr, 17,2 mln dollar naqd pul, oltin quymalar, 11 ta qimmatbaho avtomobil va boshqalar musodara qilindi. U 2 mln dollar miqdorida pora olganlikda ham gumon qilinmoqda.
JSST rahbari koronavirus pandemiyasi rasman e’lon qilingan kundan beri 6 mlndan ko‘proq inson vafot etganini ma’lum qildi. U kasallanish va o‘lim holatlari kamayib borayotgani pandemiya tugaganini anglatmasligini qayd etdi. «Pandemiya tugashiga hali ancha bor va u hamma joyda tugamaguncha hech qayerda yakunlanmaydi», — dedi Tedros Gebreyesus. Qolaversa, Yevropada «deltakron» shtammi paydo bo‘ldi.
Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Ko‘p yillik indikativ dasturni ishga tushirdi. U uchta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi: samarali davlat boshqaruvi va raqamli transformatsiya, inklyuziv va raqamli yashil o‘sish hamda «aqlli» va ekologik toza qishloq xo‘jaligi sektorini rivojlantirish. Dasturni moliyalashtirish uchun 83 mln yevro, jumladan, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 mln yevro ajratildi.
Prezident farmoni bilan aliment to‘lovchining qarzi va jarimalari aliment to‘lovlari to‘liq qoplangandan so‘ng undirilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga alimentdan qarzi mavjud shaxslarga avtomobil boshqarish, ayrim davlat xizmatlarini ko‘rsatish va uylanishni taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish vazifasi yuklatildi.
2021 yilda O‘zbekiston Rossiyaga gaz yetkazib berishni bir necha oyga tikladi. Eksport hajmi 76,6 mln dollarni tashkil etdi. Bu yil Rossiya bozoriga zangori olov yetkazib berilmadi.
O‘zbekistonning barcha viloyatlari va Toshkent shahri hokimlariga yangi o‘rinbosarlar — viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshliqlari, qolaversa, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari — Qoraqalpog‘iston Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi tayinlandi. Ularning barchasi xotin-qizlardan iborat.
Poytaxtning Chilonzor tumani IIB tergovchisi jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchiga chora ko‘rmaslik evaziga 5000 dollar talab qilib, shundan 1000 dollarni olganida ushlandi. Mirobod tumani IIB profilaktika inspektori esa huquqbuzarlikni rasmiylashtirmaslik evaziga 500 dollarni olganida qo‘lga tushgani ma’lum qilindi. Ular hibsga olinib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
DXX Toshkent viloyatida 9,1 kg «opiy» ni 54 ming dollarga sotgan shaxslarni qo‘lga olgani aytilmoqda. Ular narkotikni xaridorga berib, undan olgan pullarini tojikistonlik narkosavdogarga yetkazishi kerak bo‘lgan. Bundan tashqari, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida Qozog‘iston va Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kirilgan giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Moldova hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini Ruminiya poytaxti Buxarest orqali evakuatsiya qilish rejalashtirilmoqda. Ukrainadan vatanga qaytarilganlar soni esa 5282 nafarga (+245) yetdi.
Chorshanba kuni O‘zbekistonning 10 ta hududida koronavirusni yuqtirib olish holatlari aniqlanmadi. Kun davomida Toshkent shahri, Surxondaryo, Andijon va Navoiyda jami 14 kishining PZR-testi musbat natijani ko‘rsatdi.
O‘zbekistonda Interpol tomonidan Yevropa mamlakatlarida o‘ta yirik hajmdagi o‘g‘riliklarni sodir etgan uyushgan jinoiy guruhga aloqadorlikda gumonlanib qidirilayotgan erkak qo‘lga olindi.
2024 yilgacha barcha davlat organlari va muassasalarida rahbarning kamida bitta o‘rinbosari ayol kishi bo‘ladi. Bu prezident farmonida nazarda tutilgan.
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken O‘zbekistonga «Ukraina va Afg‘oniston xalqlariga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami» uchun minnatdorchilik bildirdi. Abdulaziz Komilov bilan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, mintaqaviy xavfsizlik va C5+1 formatidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Moliya vazirligi departament direktori Otabek Fazilkarimov sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Jarqo‘rg‘on tumani hokimining yordamchisi fuqarodan 60 sotix yer maydonini olib berish evaziga 5,5 mln so‘m so‘ragani xabar qilindi. U pulni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Janubiy Koreyada muxolifatdagi Fuqarolik kuchlari partiyasidan nomzod, sobiq bosh prokuror Yun Sok Yol mamlakatning yangi prezidenti etib saylandi.
1 maydan O‘zbekistonda «Avtomobil tarixi» davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi. U avtomobilning agregat ma’lumotlari, bosib o‘tgan masofasi, YTH sodir etilganligi, taqiq bor-yo‘qligi va boshqa axborotlarni o‘z ichiga oladi. Xizmat narxi BHMning 10 foizini tashkil etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting