Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 million tonnaga yetganini ma’lum qildi. Davlat rahbari 2022 yilda maishiy chiqindi to‘plash qamrovini 95 foizga, qayta ishlash hajmini 40 foizga yetkazish vazifasini qo‘ydi. «Odamlarimiz hatto eshigi va hovlisi atrofini tozalashdan, daraxt, gul, ko‘chat ekib, saranjom-sarishta qilib qo‘yishdan erinadigan bo‘lib qoldi», — dedi prezident.
Asaka tuman hokimligi mas’ul xodimi issiqxona qurish uchun 30 sotix yer maydoni ajratib berish evaziga fuqarodan 15 ming dollar so‘ragani aytilmoqda. U shundan 8 ming dollarni olayotgan vaqtida ushlangan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus koronavirus ustidan g‘alaba qozonilgani yoki uning tajovuzkorligi yumshaganiga umid qilib, «karantin cheklovlarini yumshatishga hali erta» ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «virus xavfi pasaygani yo‘q va o‘lim ko‘rsatkichlari tobora oshib bormoqda».
O‘zbekistonda OITSni (SPID) yuqtirib olganlarning umumiy soni 45 mingni tashkil qildi, shundan 55 foizi erkaklar va 45 foizi ayollardan iborat. Kasallikka chalinganlarning 14 foizi esa 18 yoshga to‘lmagan bolalarga to‘g‘ri kelmoqda. Kasallanish ko‘rsatkichi eng yuqori hudud esa Toshkent shahri hisoblanadi. Shifokorlar OITS yuqishi ehtimoli yuqori holatlar va uni oldini olish choralari haqida ma’lumot berdi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 12,07 so‘mga ko‘tarilib, 10 825,07 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro va rubl kurslari ham ko‘tarildi.
O‘zgidromet 4−6 fevral kunlari O‘zbekistonning ba’zi joylarda shamol kuchayishi va chang-to‘zon kuzatilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shamol tezligi 18−23 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda esa 25−28 m/s gacha bo‘lishi kutilmoqda. 6 fevral kuni respublikaning barcha hududlarida yomg‘ir yog‘adi.
Davlat soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim texnik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari boshqalarga tegishli bo‘lgan 15,9 mingta xarid cheklarini Soliq ilovasida o‘z nomiga ro‘yxatdan o‘tkazgan. 11 mlrd so‘mlik ushbu cheklar bo‘yicha hisoblangan keshbek summasi bekor qilindi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonda yoshlar bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik dasturni ishga tushirdi. budjeti 10 mln dollar bo‘lgan dastur xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashlari hamda Xalq ta’lim vazirligi tomonidan xalqaro va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda amalga oshirilmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiyaning «Gerofarm» biotexnologiya kompaniyasi O‘zbekistonda insulin ishlab chiqarishni mahalliylashtirish loyihasini ishga tushirish to‘g‘risida bitimni imzoladi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Davronbek Maxsudov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. U mazkur lavozimda prezidentga maslahatchi bo‘lib ketgan Muzaffar Komilovning o‘rnini egalladi.
1-fevraldan Uzbekistan Airways Express “to‘liq ekonom” formatidagi qatnovlarda bagaj normasini 15 kgdan 23 kg gacha oshirdi. Qo‘l yuki normasi va bagaj parametrlari o‘zgarishsiz qolgan.
«O‘zmetkombinat» temir saqlash va yuklash ombori savdolarida Golden House Development kompaniyasi g‘olib bo‘ldi. Kompaniya ombor uchun 74 mlrd so‘m taklif qilgan. Omborning yangi egasi hududda maishiy xizmat, sport va ijtimoiy xizmatlar, ko‘ngilochar va dam olish markazlari, turar-joy majmualari tashkil etishi ko‘zda tutilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni 2026 yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqladi. Strategiya yo‘nalishlaridan biri soliq yukini YAIMga nisbatan 25%gacha kamaytirish, 120 mlrd dollar hajmidagi investitsiyalarni jalb etish, aholini ko‘chirishning umumiy sxemasini ishlab chiqish, eskirgan uy-joylar o‘rnida rekonstruksiya asosida zamonaviy massivlarni barpo etish va 275 ming oilani ko‘chirish, 2023 yilga qadar inflyatsiyani 5%gacha kamaytirish va boshqa ko‘plab maqsadlarni nazarda tutadi.
BMT Taraqqiyot Dasturi Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligining iqlim o‘zgarishiga moslashuvi uchun agrometeorologik stansiyalar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha loyihani amalga oshiradi. Yaponiya hukumati ushbu maqsadlarga qariyb 1 mln dollar ajratdi.
«Adolat» SDP O‘zbekistonda TikTok tarmog‘ini butunlay bloklashni taklif qildi. Partiya buni tarmoqdagi videolar orasida o‘zgalar hayotiga daxl qiluvchi nomaqbul kadrlar ko‘payayotganligi bilan izohlagan.
2018 yilda Parkent tumani hokimligi «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yerni tadbirkorga xom g‘isht ishlab chiqarish uchun auksion orqali sotib yuborgan. 2020 yilda esa tadbirkor ushbu yerni boshqa bir jamiyatga sotib yuborgan. Xom g‘isht ishlab chiqarish uchun esa yodgorlik hududidan tuproq qazib olingan. Antikorrupsiya agentligi buning natijasida tadbirkor madaniy meros obyektiga 1,5 trln so‘mlik moddiy zarar yetkazganini aniqladi.
2022 yilning birinchi choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari 42 mln dollar miqdorida Moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtiriladi. «O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi» AJ o‘z faoliyatini tiklab, ikkilamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni davom ettiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yanvar oyida o‘tkazgan o‘rganishlarida yettita davlat tashkilotida jami 33,69 mlrd so‘mlik davlat xaridlarida qonunga zid harakatlar aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha davlat xaridlarini bekor qilish haqida buyurtmachilarga taqdimnomalar va Bosh prokuraturaga so‘rovnomalar kiritilgan.
DXX tomonidan Namangan va Andijonda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida O‘zbekistondan 1,6 mln dollarni noqonuniy olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan 8 nafar shaxs qo‘lga olindi. Ularning 2 nafari o‘zbekistonlik, guruh yetakchisi va a’zolari deb gumon qilinayotgan 6 nafari esa qirg‘izistonlik ekanligi aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. U O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimida ishlashda davom etadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting