«Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti 6 ta hududda yashovchi 800 nafar xotin-qiz o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Uning natijalariga ko‘ra, ayollarning 60 foizga yaqini turmush hayotida zo‘ravonlikka duch kelmaganini qayd etgan bo‘lsa, qolgan 40 foizi kamsitish va zug‘um o‘tkazilayotganini bayon qilgan. Har to‘rtinchi ayol ba’zi hollarda zo‘ravonlikka duch kelishini, 7 foiz ayol esa bu odatiy hol ekanligini ta’kidlagan.
Nurota tumani hokimi Umarbek Xalilov Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 11,16 so‘mga ko‘tarilib, 10 815,16 so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, yevro kursi pasaydi, rubl kursi esa ko‘tarildi. Ushbu o‘zgarishlar 31 yanvardan kuchga kiradi.
Shavkat Mirziyoyev «Hindiston — Markaziy Osiyo» sammitida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, virusolog vrachlar tayyorlash dasturini boshlash hamda raqamli innovatsiyalar, moliyaviy va blokcheyn texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi. U Chabahor porti orqali O‘zbekiston va Hindistonni bog‘laydigan yangi yo‘lakni ishlab chiqishga kirishilganini ma’lum qildi.
Qozog‘istonning KEGOC elektr tarmoqlari operatori mintaqa energiya tizimidagi uzilishlar O‘zbekistondagi Sirdaryo IESda sodir bo‘lgan qisqa tutashuv tufayli yuz berganini yana bir marta tasdiqladi.
Ikkilamchi bozorda uy-joylar narxi IV chorak davomida o‘rtacha 5,1 foizga ko‘tarildi. Jumladan, Toshkent shahrida narxlar 4,2 foizga o‘sgan. Buxoro, Andijon, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida narxlar 10 foizdan yuqoriroqqa o‘zgargan. Shunga qaramasdan, respublikadagi eng arzon uy-joylar Sirdaryo viloyatida ekani qayd etildi. Jahon bozorida ham narxlar oshgan.
27 yanvar kuni kechqurun Tojikiston va Qirg‘iziston chegarasida og‘ir o‘qotar qurollar qo‘llangan holda qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ldi. To‘qnashuvlar bir necha soat davom etdi, so‘ngra shu tunda ham tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib oldilar. Qirg‘iziston tomonidan 11 harbiy yaralangan. Tojikiston tomonida qurbonlar bor — mahalliy aholi va tez yordam haydovchisi. Yana to‘rt nafar tinch aholi va olti nafar harbiy jarohatlangan.
Namanganda sud IIB rahbariyatining noqonuniy xatti-harakatlari haqida ma’lum qilgan sobiq profilaktika inspektori Sardorbek Otaboyevga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi. U Jinoyat kodeksining 7 moddasi, jumladan, firibgarlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va boshqalar bo‘yicha ayblanmoqda. Sudlanuvchi ayblovlarni rad etmoqda.
Energetika vazirligi O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanganini xabar berdi. «Hududgazta’minot» va «O‘zsuvta’minot» ham tabiiy gaz hamda ichimlik suvi ist’emolchilarga avvalgidek yetkazib berilayotganini ma’lum qildi.
2021 yilda O‘zbekistonda YAIM hajmi 734,6 trln so‘m yoki 69 mlrd dollarni tashkil etdi. Aholi jon boshiga YAIM esa 2020 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sib, 21 mln so‘mdan ortiqroqqa yetdi.
Prezident qaroriga asosan «Sog‘lom turmush tarzi» platformasidan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish maqsadida davlat budjetidan 100 mlrd so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, har yili tuman va shaharlardagi namunali mahallalarda zamonaviy fitnes ko‘chalari tashkil etiladi.
Prezident qaroriga asosan endokrin kasalliklar mavjud oilalarga maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan patronaj hamshirasi biriktiriladi. Har yili kamida bir marta 40 yoshdan oshgan aholi qandli diabet uchun maqsadli skriningdan o‘tkaziladi. Qolaversa, 25 yoshdan oshgan bemorlarga insulin, metformin va boshqa dori vositalari bilan bepul beriladi.
Juma kuni Beeline mobil aloqa operatori abonentlarida internet xizmati vaqtincha ishlamay qoldi. «O‘zkomnazorat» bunga dasturiy ta’minotdagi nosozlik sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Prezident qaroriga muvofiq, har yili bir marotaba 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining ovqatlanishi, tamakiga qaramliligi, tana vazni, arterial bosimi, qondagi qand va xolesterin darajasiga qarab, ularning salomatlik profili baholanadi. 40 yoshdan oshganlar yiliga kamida bir marta skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Yurak-qon tomir kasalliklari bor 200 mingdan ortiq aholiga esa enalapril dori vositasi bepul beriladi.
Payshanba kuni 1186 kishi topshirgan test tahlillarida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. 3 nafar bemor esa kasallik asoratlari oqibatida vafot etdi. Qolaversa, 216 kishida pnevmoniya qayd etildi.
«Yangi O‘zbekiston» massivlari turkumiga kiruvchi ilk ekoshahar Farg‘ona viloyati markazida 300 gektar maydonda bunyod etiladi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov birinchi bosqichda 80 ta ko‘p qavatli uy qurish rejalashtirilgani, ekoshahar ikki yilda foydalanishga topshirilishini ta’kidladi.
Blekaut vaqtida yaroqsiz bo‘lib qolmagan vaksinalar, isitish tizimi ishlamagan kunlar uchun chegirib tashlanadigan to‘lov, Samarqandda 5 yilda loy yo‘l qolmasligini aytgan Erkinjon Turdimov, Xorazmda chiqindixonadan murdasi topilgan chaqaloq, shaharlararo yo‘llarda ishlay boshlagan AGTKSHlar, qonuniylashtirilgan aviaspotting va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 27 yanvardagi eng muhim xabarlari dayjestida.
2022 yilning ilk 25 kunida O‘zbekistonda is gazi bilan bog‘liq 16 ta holat qayd etilgan, buning oqibatida esa 9 kishi zaharlangan va 28 kishi vafot etgan. Baxtsiz hodisalarga asosan qo‘lbola yasalgan pechlardan foydalanish, dudbo‘ronlarni noto‘g‘ri o‘rnatish, havo almashmaydigan xonalarda ko‘mir va o‘tin yoqish sabab bo‘lgan.
Sud diniy bloger Fozilxodja Arifxodjayevni jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etishda aybli deb topib, uni 7,5 yilga ozodlikdan mahrum etdi. U o‘tgan yili diniy bloger Abror Muxtor Aliy bilan bo‘lgan mojarodan so‘ng hibsga olingandi. Sudlanuvchining advokati ayblovni rad etib, sud jarayoni tafsilotlarini so‘zlab berdi.
Sanitariya-epidemiologik xizmati «Gazeta.uz»ga izoh berishicha, 25 yanvar kuni kuzatilgan elektr ta’minotidagi uzilishlar paytida hududlardagi vaksinalarni saqlash omborlari va vaksinalar mavjud poliklinikalar elektr toki bilan uzluksiz ta’minlangan. «Elektr energiyasi o‘chishi natijasida bironta ham vaksina yaroqsiz holga kelmagan», — deydi SES matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting