O‘zbekiston mudofaa vazirligi harbiy okruglarida qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar boshlandi. Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov rahbarligida Toshkent va Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglari hamda rejaga asosan qo‘qqisdan tekshiruvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Daxlsizlik huquqidan mahrum qilingan Andijon shahar xalq kengashining deputati Shuhrat Karimov qamoqqa olindi. U ta’sis etgan kompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy ish ochildi. Uning hamkasbi Jahongir Jiyanov buni «deputatlarga ochiqdan-ochiq bosim» deb atadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan beri mamlakatda o‘zlashtirilgan investitsiyalar 83 mlrd dollarni tashkil etganligini ta’kidladi. Bu oldingi davrga nisbatan 2 baravar ko‘proq.
O‘zbekistonlik sambochi Dilshod Choriyev 4 yilga barcha milliy va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etish huquqidan mahrum etildi.
23 iyun kuni Afg‘oniston chegarasidan 53 nafar afg‘on harbiylari va mahalliy qurolli guruhlar O‘zbekiston hududiga o‘tganligi yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi bayonot bilan chiqdi. O‘zbekiston Afg‘oniston bilan do‘stona munosabatlarni asrash tarafdori, biroq mamlakat hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishlar qat’iy bartaraf etiladi, deyiladi bayonotda.
Deputat Doniyor G‘aniyev Vazirlar Mahkamasining qarorida ko‘rsatilgan Toshkentdagi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi hududida obyektlar qurilishi bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish manbalari prezident farmoyishida belgilanganlariga mos kelmayotganiga e’tibor qaratdi. U loyihaga maishiy xizmat binolari, savdo do‘konlari, WiFi hududlari yoki amfiteatr qurish ko‘zda tutilmaganini qayd etdi.
Dollarning rasmiy kursi 6,92 so‘mga pasaydi va jami 10 564,96 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi biroz pasaydi, rubl kursi esa biroz ko‘tarildi.
Rossiyaning Leningrad viloyati Vsevolojsk tumanidagi qurilish obyektida ishlayotgan 22 yoshli o‘zbekistonlik balandlikdan yiqilib tushib, shifoxonada vafot etdi. Hozirda holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
2021 yildan boshlab O‘zbekiston fuqarolari Misrda joylashgan «Al-Azhar» universitetining barcha muassasalariga faqatgina Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tavsiyasi asosida qabul qilinadi. Ta’lim olish yuzasidan murojaatlar 25 iyundan — 15 iyulgacha Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida tashkil etilgan Maslahat kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekistonda 2020 yilda 101,6 tonna oltin qazib olindi. Bu bilan O‘zbekiston oltin qazib olish bo‘yicha dunyoda 8-o‘rinni egalladi.
Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining turizm vazirlari yig‘ilishida Qo‘qon shahri kengash mamlakatlarining «Turizm poytaxti» deb e’lon qilindi.
DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida jami 3,3 kg, Toshkent viloyatida jami 5,4 kg giyohvandlik moddalari topildi va musodara qilindi. Barcha holatlarda narkotik moddalar Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan.
Yevropa chempionatining guruh bosqich uchrashuvlari yakuniga yetdi va nimchorak final juftliklari nomi aniq bo‘ldi. Nimchorak final o‘yinlari 26, 27, 28 hamda 29 iyun kunlari o‘tkaziladi. Mazkur bosqichdagi qarama-qarshiliklar orasida Belgiya — Portugaliya, Angliya — Germaniya bahslari o‘rin olgan.
Kecha O‘zbekistonda 442 nafar fuqaroda koronavirus aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 398 nafar bemor kasallikdan sog‘ayib, O‘zbekistonda sog‘ayish ko‘rsatkichi 96 foizni tashkil etmoqda.
Sirdaryoda viloyati Sayxunobod tumanidagi maktab hojatxonasida 8 yoshli qizaloqqa tegajog‘lik qilgan erkakka 10 yil qamoq jazosi tayinlandi. U o‘ta xavfli retsidivist deb e’lon qilingan.
O‘zbekistonda koronavirusning eng xavfli ko‘rinishlaridan biri «hindcha» shtamm aniqlangan. U mamlakatga Rossiya hududidan kirib kelgan bo‘lishi mumkin.
Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi turizm vazirlarining VI yig‘ilishida yettita taklifni, jumladan, davlatlar o‘rtasida transport logistikani rivojlantirish, Madaniy meros obyektlarini asrash jamg‘armasini tashkil etishni taklif qildi. Qolaversa, u Qo‘qon shahrini Turkiy kengashning «Turizm poytaxti» sifatida e’lon qilish taklifini bildirdi.
2021−2022 o‘quv yilida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari qabul qilindi.
«Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasi hududida obyektlar qurilishini moliyalashtirish uchun Toshkent hokimligining mahalliy byudjetidan 20 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘, shuningdek boshqa hududlardagi investorlarga yer uchastkalarini sotishdan tushadigan mablag‘larni yo‘naltirish rejalashtirilgan. Gap majmua yaqinidagi 2,67 gektar yer hamda 0,9 gektarlik Aqva Bog’i akvaparki hududi haqida bormoqda.
Prezident Yangi O‘zbekiston universitetini tashkil etishga oid qarorni imzoladi. Sentyabrda ish boshlaydigan OTMda 5 ta — muhandislik, tabiiy fanlar, boshqaruv, agrotexnologiyalar va axborot texnologiyalari fakultetlari bo‘ladi. Qabul imtihonlarini Kembrij universiteti o‘tkazadi. O‘quv reja va dasturlari Massachusets texnologiya instituti hamda Myunxen texnika universiteti bilan birgalikda ishlab chiqiladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting