Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlari karantin talablariga muvofiq o‘tkaziladi. Toshkentda bayramona salyut bo‘lib o‘tadi. Urushning ehtiyojmand ishtirokchilarining uylari ta’mirlanadi. Ularni parvarish qilish va yordam berish maqsadida patronaj xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
«Paxtakor» jamoasi OCHL guruh bosqichida 3-tur uchrashuvini «Sharja» klubiga qarshi o‘tkazdi. Mazkur bahsda 1:4 hisobi qayd etildi va unda sharjaliklar g‘alabaga erishishdi. Shuningdek, bugun Olmaliqning AGMK jamoasi BAAning «Shabab Al Ahli» klubiga qarshi maydonga tushadi.
2020 yilda korrupsion jinoyatlarning asosiy sabablari moddiy manfaatdorlik (30%), byurokratik to‘siqlarning mavjduligi (28%) va ijtimoiy ta’minlanmaganlik yoki adolatli mehnat sharoiti yo‘qligi (12%) kabi omillar bo‘lgan.
Yakshanba kuni bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev raisligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unga hokimiyatlar, vazirlik va idoralar xodimlari jalb qilingan. Mehnat vazirligi vaziyatga munosabat bildirdi va idoralarga dam olish kunida ishga jalb qilingani uchun qo‘shimcha ish haqi to‘lash to‘g‘risida ogohlantirish yuborilganini ma’lum qildi.
Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 12 mln so‘mdan beriladi.
Buyuk Britaniyada pandemiyalarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ekspertlar guruhining tashkil etilishi, Ukrainada maxsus xizmatlarning shay holatga keltirilgani, Qirg‘izistonda koronavirus keng tarqalishi sababli maktab imtihonlarining bekor qilingani va boshqa yangiliklar — «Gazeta.uz»ning jahon yangiliklari dayjestida.
Chad prezidenti Idris Debi qo‘zg‘olonchilarga qarshi jang paytida olgan jarohati tufayli vafot etdi. Avvalroq Idris Debi 79 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab, oltinchi muddatga prezidentlikka qayta saylangan edi.
UzAuto Motors zavodidagi ishlab chiqarishning yanvar oyidagi keskin to‘xtashidan so‘ng avtomobillarni ishlab chiqarishni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlariga yetkaza olganicha yo‘q. 2021 yil fevral oyida o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 9 873 ta avtomobil kam ishlab chiqarilgan, mart oyida esa 4543 taga kamroq. Eng ko‘p chiqarilgan avtomobil modeli — Cobalt, eng kam ishlab chiqarilgan model Spark.
Dollarning rasmiy kursi 12 so‘mga qimmatladi va jami 10 537 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, yevro kursi ham ko‘tarildi, rubl esa biroz pasaydi.
O‘zbekiston matbuot erkinligi reytingida o‘tgan yilgiga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 157-o‘rinni egalladi. Ushbu reytingda Norvegiya ketma-ket beshinchi yil yetakchiga aylanmoqda. Eng oxirgi, 180-o‘rinda esa Eritreya mamlakati turibdi.
Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi. Universitet IIV, Milliy gvardiya va Qurolli Kuchlarning bir qancha yo‘nalishlari uchun kadrlar tayyorlaydi.
Samarqand viloyatida uch oyda 1477 ta holatda ekologiyaga oid qonun hujjatlari talablarini buzish holati aniqlandi. Bu bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan tegishli bayonnomalar tuzilib, 748,4 mln so‘m jarima va 279,9 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Qirg‘izistonning O‘sh viloyati aholisi rasmiylarning Kampir-Obod suv ombori yaqinidagi 50 gektar maydonni O‘zbekistonga berish rejalariga qarshi chiqishmoqda. Ular bilan uchrashgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev yana muzokaralar uchun Toshkentga borishga va’da berdi.
Toshkent shahrining «Vodnik» dahasidagi bolalar maydonchasida 8 yoshli bolaning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Mahkamlanmagan arg‘imchoq ustuni bolaning ustiga qulab tushgan. Otasining ta’kidlashicha, obodonlashtirish xizmati xodimlari obodonlashtirish ishlari paytida maydonni tegishli me’yorlar asosida to‘sishmagan.
Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasi transformatsiya qilinib, xizmatning gibrid modeliga o‘tkaziladi. Xarajatlarni kamaytirish uchun shtatlar qisqartiriladi, xorijdagi samarasiz 20 ta vakolatxona yopiladi. May oyidan 9 ta norentabel reyslar (Parij, Rim, Milan, Tokio, Bangkok va boshqa shaharlarga) bekor qilinadi. Arzon reyslar ochilishi va ichki reyslar soni haftasiga 17 dan 49 gacha ko‘payishi kutilmoqda.
Qonunchilik palatasi profilaktika inspektorlariga elektr energiyasi, issiqlik va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jarima solish huquqini beruvchi qonun loyihasini rad etdi. Deputatlarning fikriga ko‘ra, bu uchastka nozirlari asosiy ishidan tashqari ularning ish ko‘lami ortishiga, manfaatlar to‘qnashuvi, korrupsion holatlar ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Turizm va sport vazirining ta’kidlashicha, «Samarqand turizm salohiyatining ko‘pi bilan 5 foizidan foydalanayapmiz». Buning uchun yangi aeroport qurilayotgani va yiliga 1,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi aytildi. Aziz Abduhakimov Uzbekistan Airways`ning qimmat parvozlari muammosi Samarqand xalqaro aeroportiga ochiq osmon maqomi berilishi bilan hal qilinishini ta’kidladi. «Samarqand xalqaro aeroporti ochilsa, narxlar tushadi», — dedi u.
Prezident qarori bilan Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, Akademiyaning Nukus filiali tashkil etilmoqda.
Toshkent metropolitenida jamoat tartibini buzgan holda to‘y qilib, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxslarga BHMning 4 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Toshkent viloyatida 18 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabining o‘qituvchi va o‘quvchilari orasida koronavirus yuqtirish holatlari aniqlandi. Shu sababdan tumanlardagi bir qator maktablarda o‘quv jarayonlari masofaviy shaklga o‘tkazildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting