Hisob palatasi 2,5 yil davomida maktabgacha ta’lim tizimida 48,3 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini aniqladi. Ularning 7,2 mlrd so‘m quyi bo‘g‘inlarda mansabdorlar tomonidan talon-toroj qilingan. Bolalar uchun 2,2 mlrd so‘mga yaroqsiz «saryog‘», 10,1 mlrd so‘mga shubhali go‘sht sotib olingan.
Bosh prokuratura Toshkentdagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining sobiq rahbariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. U shirkatga qarashli uylarni ta’mirlash uchun olingan kreditdan 229,3 mln so‘mni o‘zlashtirganlikda ayblanmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 2 mln dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi xorijda ishlamoqda. Eng ko‘p mehnat migrantlari Rossiyada — 1,5 mln faoliyat yuritishadi. Viloyatlar hissasi bo‘yicha esa eng ko‘p mehnat migrantlari Samarqanddan — 268 ming va Farg‘onadan — 247 ming ekanligi ma’lum qilindi.
Munir Mamedzade YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari lavozimida ish faoliyatini boshladi. U inson huquqlari, bolalar huquqlari, yoshlar va rivojlanish sohalarida 20 yillik rahbarlik tajribasiga ega.
AQSH vitse-prezidentligiga Demokratik partiyasidan Kamala Xarris nomzod sifatida tasdiqlandi. Avvalroq Jo Bayden uni vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlaganini e’lon qilgan edi. Kamala Xarris 2017 yildan Kaliforniya senatori bo‘lib kelmoqda.
Bosh prokuratura korrupsiya haqida xabar qilganlarga bir martalik pul mukofoti berilishini ko‘zda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, pul mukofoti miqdori pora, yetkazilgan zarar miqdori yoki o‘g‘irlangan mulk qiymatiga bog‘liq holda — bazaviy hisoblashning 3 baravaridan summaning 10−15 foizigacha beriladi.
Yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda 92 mingdan ortiq o‘lim holati qayd etildi. Eng ko‘p o‘lim iyul oyida kuzatildi.
Rossiya korrupsiyaga qarshi kurashish jamg‘armasi asoschisi Aleksey Navalniy 20 avgust kuni og‘ir ahvolda reanimatsiyaga yotqizilgan. Xabar berilishicha, u xushsiz holatda va hozirda sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. U Moskvaga uchayotganida samolyotda hushidan ketgan. Uning zaharlangan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
UzAuto Motors kompaniya avtomobil narxlarini asossiz oshirganligi bois, avtomobillar narxini pasaytirishi kerakligi to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilishini bildirdi. Kompaniya ish bir taraflama ko‘rib chiqilganini, qaror uzil-kesil emasligini va keyingi xatti-harakatlar sud muhokamalari yakunlaridan kelib chiqib belgilanishini ta’kidladi. «Avtomobillar narxini hozir pasaytirish imkonsiz», — deyiladi bayonotda.
Xorazm viloyati Tuproqqal’a tumanida yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushlandi. U 15 gektar yer maydoni ajratib berish evaziga 20 ming AQSH dollari miqdorida pora talab qilganlikda ayblanmoqda.
Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida Neksiya avtomobili haydovchisi quvib o‘tish qoidalarini buzish oqibatida qarshisidan kelayotgan «NOWO» rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan. Natijada Neksiya haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi vafot etgan, ulardan biri 1 yashar bola. Moshinaning yana bir yo‘lovchisi tan jarohati olgan.
O‘zbekistonda kun davomida 594 ta koronavirus holati aniqlanib, umumiy ko‘rsatkich 37,1 mingdan oshdi.
Toshkent viloyati Bekobod tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari 5000 dollar pora olayotganida ushlandi.
Avgust oyiga qadar O‘zbekistonning yalpi oltin-valyuta zaxiralari hajmi yil boshidan beri 5,6 mlrd dollarga ko‘payib, 34,7 mlrd dollarga yetdi.
Gollandiyalik Ronald Kuman «Barselona» futbol jamosining yangi bosh murrabbiyi etib tayinlandi. Yangi murabbiy bilan shartnoma 2022 yil iyun oyining oxirigacha imzolandi.
«Yandeks» kompaniyasi «Taksi» bazasi asosida bir nechta xizmatlar uchun yangi dasturni ishga tushirdi. O‘zbekistonda «Yandeks Go» hozirda taksi va yetkazib berish xizmatlarini o‘z ichiga olgan. Boshqa mamlakatlarda esa bularga, shuningdek, restoran va do‘konlardan taomlarni tezkor yetkazib berish, jamoat transportlari jadvali va karshering xizmatlarini ham qo‘shish mumkin.
Mercedes avtomobillarini ishlab chiqaruvchi Daimler Finlyandiyaning Nokia kompaniyasi texnologiyalaridan litsenziyasiz foydalanlanlikda aybdor deb topildi. Endi Nokia Germaniyada kompaniyaning avtomobillarini sotishni taqiqlash huquqiga ega bo‘ladi.
SpaceX Falcon 9 raketasini oltinchi marotaba uchirib, orbitaga navbatdagi Starlink internet sun’iy yo‘ldoshlarini yubordi. Starlink interneti tezligi, anonim ma’lumotlarga ko‘ra, soniyasiga 11 megabitdan 60 megabitgacha chiqishi mumkin.
Ilgari Markaziy bankning Axborot texnologiyalari departamenti direktori bo‘lib ishlagan Dilshod Ikromov Axror Mahmudov o‘rniga Uzcard kompaniyasining rahbari bo‘ldi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi UzAuto Motors tomonidan 2020 yil mart oyida avtomobillar uchun tasdiqlangan va iste’molchilarga realizatsiya qilingan, asossiz kiritilgan xarajatlarni chegirishni va ushbu mablag‘larni iste’molchilarga qaytarib berishni so‘radi. Yangi shartnomlar ham ushbu chegirmalar asosida tuziladi. Buning oqibatida Spark 3,5 mlngacha, Cobalt 10,5 mlngacha, Gentra 19,8 mlngacha va Damas 15,7 mln so‘mgacha arzonlashishi kutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting