O‘tgan yili Toshkent shahridagi 99-maktabda o‘quvchining elektr toki urishi oqibatida vafot etgani ortidan maktab ma’muriyatiga sud hukmi chiqarildi. Direktorning xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 4 yilga qamaldi, direktorga esa 4 yilga ozodlikni cheklash jazosi berildi.
Toshkentda metro vagoni ichida qizning beldan pastki qismiga teginib, shilqimlik qilgan 25 yoshli yigit 5 sutkaga qamaldi. Ayblanuvchi sudda tiqilinchda qizga bilmay tegib ketganini aytdi. Qiz yigit bu ishni qilayotganida qo‘lidan ushlab olganini va gaplashib olmoqchi bo‘lganida yigit qochib ketganini bildirdi.
Sport kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Qirg‘izistonda o‘tgan Osiyo chempionatini 2 ta kumush va 5 ta bronza medali bilan yakunladi.
Dubayning Iqtisodiyot va turizm departamenti oilaviy hordiq uchun tashrif buyurish mumkin bo‘lgan qiziq va hayratga soluvchi joylar haqida ma’lumot berdi.
Toshkent xalqaro aeroporti negizida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilmoqda. Natijada xizmat ko‘rsatish quvvati sutkasiga 70 tonnadan 300 tonnaga yetadi. Uzbekistan Airports rahbari Javlonbek Umarxo‘jayevning aytishicha, hozirgi terminal sifatli va vaqtida xizmat ko‘rsatish imkonini bermayapti.
NATO xodimlari O‘zbekiston Qurolli kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlar harbiy alyans to‘g‘risida ma’lumot berib, NATOga a’zo davlatlarda serjantlar qanday tayyorlanishi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etdi. Hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlari 20-aprelgacha davom etadi.
Toshkent shahri Beruniy-1 massivida mozaika chizilgan binodan reklama bannerlari olib tashlandi. Bu mozaik pannolar madaniy meros obyektlari qatoriga qo‘shilganidan buyon yuz bergan bu kabi kamida ikkinchi holat. Foto.
Qarshi tumani prokuraturasi tergovchisi imtiyozli kredit maqsadli yo‘naltirilmagani yuzasidan fuqaroga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llamaslik evaziga 5 ming dollar pora olayotganda ushlandi. Unga nisbatan JKning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
16-aprel yarim tunda Toshkentning Shayhontoxur tumanida 5 ta mashina ishtirokida to‘qnashuv yuz berdi. Jarohat olganlar yo‘q. YHXB surishtiruv ishlarini boshladi.
Markaziy Yevropa va Markaziy Osiyoda demokratik ko‘rsatkichlar pasayishda davom etmoqda, Ukrainadagi urush va boshqa mojarolar esa mintaqadagi geosiyosiy o‘zgarishlarni tezlashtirdi, deya ta’kidladi Freedom House. O‘zbekistondagi demokratiya darajasi 7 dan 1,18 ball sifatida baholandi.
Kiyev shahrida O‘zbekiston tomonidan tadbirkor Zafar Hoshimov raisligida O‘zbekiston-Ukraina biznes kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki davlat ishbilarmon doiralarining o‘zaro hamkorligi, urushdan jabr ko‘rgan Ukraina korxonalarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
O‘zbekistonda gaz va elektr energiyasi tariflari oxirgi marta oshirilganidan buyon inflyatsiya darajasi 66 foizni tashkil etdi, dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Xurshid Mustafoyev. Energiya resurslarining narxi amaldagi tariflardan sezilarli darajada oshadi, dedi u.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatdagi eng yirik suv toshqinlari fonida hukumatga budjet mablag‘larini tejash maqsadida imidj yaratish va yirik tadbirlarni o‘tkazishdan voz kechishni buyurdi.
IHMA gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilishi munosabati bilan 1,5 millionga yaqin muhtoj oilalarga qanday yordam ko‘rsatilishini tushuntirdi. Kambag‘allik chegarasi, pensiya va nafaqa miqdorini oshirish, isitish mavsumida 270 ming so‘m miqdorida bir martalik kompensatsiya to‘lash ko‘zda tutilgan.
Iqtisodiyot vazirligi departamenti direktori Xurshed Mustafayev elektr va tabiiy gaz tariflari oshirilayotganini izohlab, so‘nggi 5 yilda narxlar aholi uchun o‘zgarishsiz qolganini eslatdi. U, shuningdek, elektrning tannarxi qariyb 1000 so‘mni, tabiiy gazniki esa qariyb 2000 so‘mni tashkil qilishini ta’kidladi.
Florensiyadagi Pitti saroyida “Nur va rang” ko‘rgazmasi ochildi. U “O‘zbekiston: sahrodagi avangard” loyihasining bir qismi bo‘lib, Yevropa jamoatchiligini ilk bor Toshkent va Nukus san’at muzeylari kolleksiyalaridagi rus va “sharq” avangard asarlari bilan tanishtirmoqda.
Maktab vazirligi o‘quvchilar xorijga chiqishda maktab direktorini ogohlantirishi kerakligi nazarda tutilgan buyruq loyihasini muhokamaga qo‘ydi. O‘zgartirish maqsadi sifatida xorijga ogohlantirmasdan yoki vaqtincha chiqib ketib, qaytib kelmagan o‘quvchilar bilan ishlashni samarali yo‘lga qo‘yish ekani qayd etilgan.
O‘zbekistonda 1-maydan elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovlar miqdori oshiriladi (2019-yil avgustidan buyon ilk marta). Shuningdek, energoresurslar iste’moli bo‘yicha ijtimoiy norma joriy etiladi.
Minglab odamlar Gruziya parlamenti binosi yaqiniga “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga norozilik bildirish maqsadida yig‘ildi. Ularning fikricha, qonun Rossiyaning xorijiy agentlar haqidagi qonuniga o‘xshash. Hujjat o‘tgan yili muhokamaga qo‘yilgan, biroq namoyishlardan so‘ng qaytarib olingandi.
Davlaktiv Toshkentdagi 3,2 gektar maydondagi sobiq avtobazani 105 milliard so‘mga sotdi. Tender g‘olibi Evro Tires Universal bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting