O‘zbekistonda 2−3-dekabr kunlari havo o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat asta-sekin ko‘tarilib, kunduzi +18 darajagacha, kechasi +7 darajagacha iliq bo‘ladi.
DXX Qo‘qon, Samarqand shaharlari va Pastdarg‘om tumanida AQShga noqonuniy yuborish bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘ydi. Xususan, bir holatda 25 ming dollar evaziga Meksika orqali Amerikaga yuborishni va’da qilgan shaxs puldan 15 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi.
Olti kun davom etgan sulhdan so‘ng Isroil G‘azo sektoriga zarba berdi, oqibatda bir necha kishi halok bo‘ldi. Jangovar harakatlarni qayta boshlashga HAMAS birinchi bo‘lib raketa hujumi uyushtirgani, bu esa sulhga zid ekani sabab sifatida ko‘rsatildi.
Dubayda (BAA) BMT xalqaro iqlim sammiti — COP28 ochildi. 2023-yilda unda 190 dan ortiq davlatdan 70 mingdan ortiq kishi ishtirok etishi rejalashtirilgan. Konferensiyaning asosiy maqsadi insoniyatning Parij kelishuvi maqsadlariga erishish yo‘lidagi progressini tahlil qilishdan iborat.
Perfectum mobil operatori yangi abonentlar uchun Max Voice yangi cheksiz ovozli tarifi, shuningdek, yarim yillik Qulay New tariflari raqamlari uchun 90% chegirma va “2024 Yangi yil paketlari” haqida e’lon qildi.
Buxoro shahriga Xitoyning 20 ta yangi Zhang Tong avtobusi keltirildi, ular 5-dekabrdan yo‘nalishlarga chiqariladi. 2024-yil iyuligacha yana 80 ta shunday avtobus yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 99-maktabning 8-sinf o‘quvchisi elektr toki urishi oqibatida vafot etgani yuzasidan Jinoyat kodeksining ikki moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Toshkentdagi kafe menejeri va uning xodimi soat 22:30 dan keyin ayollarni muassasaga kiritmagani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari (har biri 6,6 million so‘mdan) miqdorida jarimaga tortildi. Ular jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortilgan.
Turkmanistonda kurash bo‘yicha o‘tgan XIV jahon chempionatida o‘zbekistonliklar 9 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
Davlat soliq qo‘mitasi 1-dekabrdan boshlab Yandex Go xizmati O‘zbekiston hududida soliq rezidenti — “YandexGo UB” MCHJ tomonidan taqdim etilishini ma’lum qildi. Avvalroq qo‘mita Yandex Go`dan soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, soliqlarni to‘lash va mijozlarga fiskal chek taqdim etishni talab qilgandi.
Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasini amalga oshirish uchun 50 mln dollar imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha orqali 9000 ga yaqin yoshlar, shu jumladan, 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ITES kompaniyalarida ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumani hokimi hokimlik balansiga fuqarodan “Equinox” mashinasini hadya sifatida qabul qilish bo‘yicha farmoyish imzolagandi. Antikorrupsiya agentligi taqdimnomasidan keyin hokim eski farmoyishini bekor qildi. Ikki hujjat ham E-qaror tizimida yashirin holda turibdi.
Qozog‘istonning magistral neft quvuri milliy operatori “Kaztransoyl” 2024-yilda Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilishni uch baravarga oshirmoqchi. Yetkazib berish hajmini 154 ming tonnadan 500 ming tonnagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston “Rosatom” bilan AES qurish masalasini muhokama qilishda davom etmoqda, dedi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov. Uning aytishicha, nafaqat Rossiya, balki boshqa mamlakatlarning ham tajribasi o‘rganilmoqda. “Rosatom” rahbari avvalroq tomonlar “shartnoma imzolashdan yiroqda emas”ligini aytgandi.
Prezident MTRKga ajratilgan kredit bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar uchun hisoblangan penyalarni hisobdan chiqarish, shuningdek, uni qaytarishda davlat budjeti ulushini oshirishga oid qarorni imzoladi. Dastlab 22,5 mln yevro qarzni teng taqsimlash rejalashtirilgan bo‘lsa, endi 93 foizi budjet hisobidan qoplanadi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Shimoliy Makedoniyada bo‘lib o‘tayotgan YeXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishi doirasida Buyuk Britaniya tashqi ishlar bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeron bilan uchrashdi.
Toshkent metrosining “Xalqlar do‘stligi” bekatida ilk marotaba kaftni skanerlash orqali to‘lovni amalga oshirish tizimi (Palm ID) ishga tushirildi. Undan foydalanish uchun ATTO ilovasida shaxsiy ma’lumotlarni kiritish zarur.
O‘zbekiston tumanida ohak sexi 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston energetika vaziri qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energiya resurslari tanqisligini qanday qoplashni rejalashtirayotgani haqida gapirdi. Rejaga ko‘ra, mazutdan elektr ishlab chiqariladi, yirik korxonalarni tungi ish rejimiga o‘tkaziladi, AGTKSHlarga gaz yetkazib berish qisqartiriladi.
O‘zbekistonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda yangicha moliyalashtirish tizimiga o‘tilib, klaster va fermerlarga bu uchun 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilga 14 foizli kredit ajratiladi. Bank va ta’minotchilar bilan shartnoma imzolash uchun ochiq elektron platforma ishga tushiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting