Respublika hududlarida o‘qish boshlanishi yana boshqa sanaga qoldirildi. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Namangan, Surxondaryo, Xorazm, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida o‘qish 23 yanvar, dushanbadan boshlanadi.
Chirchiq shahrida er-xotin is gazidan zaharlanib vafot etdi. Ular uyni isitish maqsadida chala yongan ko‘mirni yotoqxonaga olib kirgan va undan chiqqan is gazidan zaharlangan.
Farg‘ona viloyatining ikki hududida go‘yoki kompyuter texnikalari va muzlatkichlarni ta’mirlash sexlarini tashkil etib, amalda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan mayneng fermalar aniqlandi. Ular davlatga jami 2 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Shayxontohur tumanida 2003 yilda tug‘ilgan ayol 2 farzandidan foydalanib, yo‘lning qatnov qismida tilanchilik qildi. Ichki ishlar xodimi hududni tark etishni so‘raganida unga qarshilik ko‘rsatdi. Bu faoliyati uchun oldin 11 marta ogohlantirilgan ayol holat yana takrorlansa, onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Tijorat banklari 17 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 310 — 11 370 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa 11 400 so‘m.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ukraina bilan chegaradosh hududlardan o‘qishi O‘zbekistonga ko‘chirilishiga ruxsat berilgan talabalar ro‘yxatini tasdiqladi. Bu talabalar hujjat topshirgan OTMlarining o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha mas’ullariga uchrashishi so‘raldi.
Bosh prokuratura Buxoro viloyatidagi 3 ta metan gaz quyish shoxobchasida 26,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz yashirin ravishda talon-toroj qilinganini aniqladi. Holat yuzasidan «Hududgaz Buxoro» gaz ta’minoti korxonasi va shoxobchalar mansabdorlariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi viloyat hokimliklari bilan ob-havo sharoiti yaxshilanmaguncha maktablarni onlayn ta’lim tizimiga o‘tkazish masalasini muhokama qilmoqda.
Qator viloyatlar hokimliklari qishki ta’til muddati yana bir bor uzaytirilishi to‘g‘risida ma’lum qila boshladi. 18 yanvarda boshlanishi kerak bo‘lgan o‘qish 23 yanvarga ko‘chirildi.
Chirchiqning «Humo» mahallasida yashovchi aholi elektr yo‘qligi sababli yo‘lni to‘sib qo‘yishdi. Shahar hokimi mahallaga keldi. U uzr so‘rab, iste’mol ortishi sababli avariyalar sodir bo‘layotganini aytdi. Mahallaga elektr berildi.
Qirg‘iziston hukumati mamlakatdan naqd dollar olib chiqishni vaqtincha chekladi. Taqiq «moliyaviy-iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, ichki valyuta bozoridagi vaziyatni barqarorlashtirish, milliy manfaatlarni himoya qilish» maqsadida joriy etildi.
Sovuq ob-havo tufayli 766/765-sonli «Toshkent — Buxoro — Toshkent» yo‘nalishidagi Afrosiyob tezyurar poyezdining 16, 17, 18, 19, 20 yanvardagi 5 ta reysi bekor qilindi.
Toshkentda gaz quvurlarining o‘tkazuvchanlik imkoniyati oshirilishi va ob-havo sharoiti yaxshilanishi munosabati bilan gaz bosimi oshishi kutilmoqda, deya ma’lum qildi «Hududgazta’minot». Aholidan qozonxona va gaz plitalarini tekshirib turish hamda xavfsizlik qoidalariga rioya etish so‘ralmoqda.
Jamshid Tursunov Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘ribosari bo‘ldi. O‘ktam Masharipov esa Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, Toshkent viloyatining Piskent tumaniga yangi hokim tayinlandi.
TerDU akademik litseyi qozonxonasi portladi. 2 kishi halok bo‘lib, 1 kishi shifoxonaga yotqizildi. Holat yuzasidan prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Xovos tumanida gaz portlashi tufayli 2 kishi vafot etdi, 1 kishi jarohat oldi. Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari boshlandi.
Poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev oilasi bilan Turkiyaga uchib ketmoqchi bo‘lgan vaqtda Toshkent aeroportida to‘xtatib qolingan bo‘lishi mumkin.
“Agrobank” tomonidan xorijdan onlayn pul o‘tkazmalari xizmatlari foydalanuvchilari uchun e’lon qilingan maxsus aksiyaning g‘olibiga Volkswagen e-Bora elektromobili topshirildi.
O‘tgan haftada O‘zbekistonda anomal sovuq ob-havoni belgilagan Qozog‘iston viloyatlari ustidagi sovuq antitsiklon zaiflasha boshladi. Hafta o‘rtalariga kelib kunduzi havo harorati −3…+2 darajagacha, kechasi −8…−13 darajagacha ko‘tariladi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni lavozimidan ozod etganiga tushuntirish berdi. «Quruq gap, yolg‘on „svodka“ bilan pastga tushmagani uchun kechasi shtabda ishdan oldim», — dedi prezident.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting