Moskvadan Goaga uchayotgan «Aeroflot» samolyoti zo‘ravon yo‘lovchi tufayli Urganchga favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. U reysdan chiqarib tashlandi.
Sud «Hududgaz Toshkent» korxonasining sobiq direktori Muzaffar Aliyevni garov evaziga ozod qildi. U dekabr oyida O‘zbekistondagi energetika inqirozi vaqtida hibsga olingan edi.
O‘zbekistonda anomal sovuq sabab gaz-zapravkalar yopilib, hududlarda transport muammosi yuzaga keldi. Qoraqalpog‘istonda ko‘ngillilar tashabbus ko‘rsatib, yo‘lda qolib ketganlarni bepul tashimoqda. Dastlab Nukusda boshlangan bu harakat hozirda Xo‘jayli, Qonliko‘l, Chimboy va boshqa tumanlarda ham ommalashgan.
Boyovut tumanidagi uylarning birida gaz portlashi oqibatida yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa sabab 2 kishi jarohat olib, kasalxonaga yuborildi.
Poytaxtdagi qurilish firmalarining birida 20 nafar ishchi ovqatdan zaharlangani aniqlandi. Ular tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib borilgan. SES xabariga ko‘ra, hozirda bemorlarning ahvoli qoniqarli.
Uzbekistan Airways kompaniyasi talabalar uchun aviaqatnovlarga beriladigan 50 foizli chegirma muddatini 23 yanvarga qadar uzaytirdi.
2 fevraldan Toshkent-Novosibirsk yo‘nalishidagi xalqaro poyezd harakati qayta tiklanadi. Yo‘nalish qatnovi 2020 yilda pandemiya sababli to‘xtatilgan edi.
USAID Samarqandda migrantlar va ularning oilalari uchun ikkinchi axborot-maslahat markazini ochdi. Markaz xorijda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchilar tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun treninglar o‘tkazadi hamda qaytib kelgan migrantlar va ularning oila a’zolariga huquqiy maslahat va kasb-hunar o‘rgatadi.
O‘zbekiston-Singapur biznes-forumida salkam 5 mlrd dollarlik shartnomalar imzolandi. Prezident Singapur kompaniyalarini O‘zbekistonda xususiylashtirish, shahar, transport infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa dasturlarda ishtirok etishga chaqirdi. Ularga ko‘mak choralarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.
Ziyovuddin Mirsodiqov «Vaqf» xayriya jamoat fondi raisi etib tayinlandi. U shu paytga qadar Toshkent shahridagi «Bo‘ta buva» jome masjidi imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritgan.
Beshariq tumani va Farg‘ona shahrida yuz bergan YTHlarda ikki nafar fuqaro vafot etdi, bir kishi jarohatlandi.
Afsonaviy sirk ustasi Hakim Zaripov 99 yoshida vafot etdi. U 80 yil davomida sirk manejida ot ustida tomosha ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan.
Prezident sud tizimini sifat jihatidan yaxshilash uchun tuzilgan 3 yillik strategiyani tasdiqladi. Unga ko‘ra, sudlar faoliyati to‘liq raqamlashtiriladi. Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasida qonunchilikni tahlil qilish departamenti ochiladi.
Kiyev viloyatida yuz bergan vertolyot qulashi oqibatida Ukraina ichki ishlar vaziri, uning birinchi o‘rinbosari va davlat kotibi halok bo‘ldi. Hozirgacha 17 kishining, jumladan, ikki nafar bolaning vafot etgani ma’lum — vertolyot bolalar bog‘chasining oldiga qulagan.
Olimlar O‘zbekistondagi Teshiktosh g‘oridan topilgan neandertal bolaning ko‘rinishini namoyish etdi. Bu birinchi bor 3D-restavratsiya yordamida toshga aylangan odam bosh suyagini kompyuterda tiklanishi.
Toshkent shahrida ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish va ularning sonini keskin kamaytirish rejalashtirilmoqda. Xususan, poytaxtning markaziy ko‘chalarida harakatlanayotgan yengil mashinalar soni 20 foizgacha qisqartiriladi.
Qishki ta’til kunlari uzaytirilishi munosabati bilan Toshkent-Termiz va Toshkent-Urgancha yo‘nalishida 21−22 yanvar kunlari qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Jarqo‘rg‘on tumanida 2 shaxs nodavlat universitet ochib, 18 kishining 152,9 mln so‘mini olib, o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborganlikda gumonlanmoqda. Denovda esa yana bir fuqaro o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pora olgani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov Bolgariya turizm vaziri Ilin Dimitrov bilan uchrashdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish va tadbirkorlik subyektlari aloqalarini o‘rnatish yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Tijorat banklari 18 yanvar kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 290 — 11 345 so‘mdan sotib olmoqda, sotish kursi esa aksariyat banklarda 11 375 so‘m.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting