O‘zbekiston terma jamoasi va Kiyevning «Dinamo» klubida to‘p surgan o‘zbekistonlik futbolchi Maksim Shatskix «Paxtakor» jamoasi sport direktori bo‘ldi. Shatskix klubga iqtidorli futbolchilarni akademiyadan asosiy jamoagacha jalb qilish hamda yosh, yuqori salohiyatli futbolchilarni topishda ko‘maklashadi.
Dam olish kunlari respublikaning ko‘pchilik qismida quruq va kam bulutli ob-havo kuzatiladi. Faqat tog‘ oldi va tog‘li hududlarda va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi kutiladi. 3−4 iyunda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqin hodisalari kuzatilishi mumkin.
Poytaxt hokimiyati Toshkent aeroportiga tutash hududlarni Uzbekistan Airports balansiga o‘tkazadi. Kompaniya rahbari Ra’no Jo‘rayeva avvalroq, bu aeroport vokzaloldi maydonda o‘z loyihasi va rejasini amalga oshirish uchun zarurligini ta’kidlagandi.
Sirdaryo hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ikki xodimi tadbirkordan elektr energiyasi liniyasini ulab berish evaziga 51 ming dollar talab qilganlikda gumonlanmoqda. DXX ularni kelishilgan mablag‘dan 300 mln so‘mi va 5 ming dollarini olgan vaqtida ushladi. Ularga nisbatan jinoyati ishi qo‘zg‘atildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hajga boruvchilar 18−30 iyun kunlari O‘zbekistonning 7 ta hududidan Madina shahriga jo‘nab ketishini ma’lum qildi. Yosh chegarasi 65 yosh etib belgilanmoqda, qolaversa, ziyoratchilar kovidga qarshi to‘liq dozada vaksina olgan va salbiy PZR-ma’lumotnomaga ega bo‘lishi shart.
Davlat organlarining 18 turdagi ma’lumotnomalarni so‘rashi bekor qilinishi har yili qariyb 15 mln dollarni tejaydi va 12 mlndan ortiq fuqaroni byurokratiyadan xalos qiladi, dedi adliya vaziri Ruslanbek Davletov Gaagadagi forumda. U O‘zbekistondagi islohotlarning «muvaffaqiyat uchburchagi» haqida gapirdi.
Farg‘ona viloyatida faoliyati qoniqarsiz deb topilgan 38 nafar hokim yordamchisi o‘z arizasiga ko‘ra, yana ikki nafari esa sud qarori asosida ishdan bo‘shatildi. Bundan tashqari, yaxshi natijaga erishgani uchun «Chekxitoy» mahallasidagi hokim yordamchisi Nurmatjon G‘oziyev esa prezident sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov o‘tkazgan yig‘ilishda investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati ko‘rsatkichlari bo‘yicha kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan hokim o‘rinbosarlariga choralar ko‘rildi. Bo‘zatov tumani va Zarafshon shahri hokimlarining o‘rinbosarlari ishdan olinib, yana 19 nafar o‘rinbosarga hayfsan berildi.
«Haj-2022» mavsumi uchun ziyoratchilar 62,9 mln so‘m to‘lov qilishi kerakligi belgilandi. 2019 yilda Haj uchun to‘lov 33,3 mln so‘mga teng edi. Narxlar oshganligiga Saudiya hukumati tomonidan Haj safari narxiga ta’sir qiluvchi qo‘shimcha soliq va majburiy to‘lovlar joriy qilingani sabab bo‘lganligi ta’kidlandi.
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 20 dona o‘ramdagi giyohvandlik moddalarni $140 mingga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Holat yuzasidan kontrabanda va psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
USAID tuberkulyozga qarshi kurashda yordam berish uchun Jizzax viloyatidagi tibbiyot muassasalariga qariyb $75 minglik asbob-uskunalar topshirdi. Ilgari boshqa viloyatlarga ham xuddi shunday jihozlar berilgandi.
O‘zbekistonda kompaniyalardan birining kassiri bir oy davomida xaridorlarning 1,6 mlrd so‘mlik 152 dona kassa cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazib, salkam 16,5 mln so‘m miqdorida keshbek to‘plagani aniqlandi. Davlat soliq qo‘mitasi ushbu summani bekor qildi.
Bektemir tumanida RWS Optimum sanoat klasteri bazasida Caterpillar texnikasini ishlab chiqarish bo‘yicha zavodning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
AQShning Oklaxoma shtatida shifoxona hududida sodir etilgan otishma natijasida eng kamida besh kishi, jumladan hujum qilgan shaxs qurbon bo‘ldi. Shu bilan mamlakatda yil boshidan buyon 233- ommaviy otishma qayd etildi.
Qashqadaryoda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan 18 yoshli Ruslan Qidiraliyev vafot etdi. O‘limga «surunkali yurak ishemik kasalligi» sabab bo‘lgani aytilmoqda. Biroq yaqinlari bunga ishonayotgani yo‘q va uning kaltaklanganini da’vo qilishmoqda. Harbiy prokuratura tergovni boshladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va prezident Emomali Rahmon Zarafshon daryosida Yavan 140 MVt quvvatli GES qurilishiga start berdilar.
Tor doiradagi muzokaralarda O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, logistika va tranzit salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, suv-energetika loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Moskvadagi qurilish maydonida ommaviy mushtlashgan yuzdan ortiq O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari Rossiyadan deportatsiya qilinadi. Bu bo‘yicha sud qarori qabul qilindi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, bolalar 1-sinfga 7 yoshga to‘ladigan yilda, 20 iyundan 31 iyulgacha YAIDXP yoki XTVning elektron xizmatlar portali orqali yuborilgan ariza asosida qabul qilinadi. Shuningdek, o‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga ko‘chirib o‘tkazish tartibi ham belgilab berildi.
30 iyunga qadar Yoshlar oyligi munosabati bilan O‘zbekistonda «mahalla-sektor-tuman-hudud-respublika» darajasida yoshlar festivallari va forum, tanlov va sport musobaqalari o‘tkaziladi. Ular qatoridan Buxoroda Turkiy davlatlar tashkiloti va Toshkentda SHHTga a’zo davlatlar yoshlari uchun forumlar ham o‘rin olgan.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting